O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli ozar va o‘zbek shoiri, dillarga tug‘yon solguvchi mashhur “O‘zbek kelayotir...” she’ri muallifi Akif Azalpning “Saylanma”si O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
“Saylanma” Akif Azalpning 70 yilligiga to‘yona bo‘lib, undan otashin shoirning turli yillarda o‘zbek tilida bitgan she’rlari, shuningdek, “O‘zbeknoma” dostonidan parchalar o‘rin olgan.
Kitob shoirning “Iqror” nomli she’ri – ushbu iqrori bilan boshlanadi:
O‘zing kechir meni, fan ma’budasi,
Tuzukroq totmasdan idrok shavqini,
Lablarimga tegmay zafar bodasi,
Meni yo‘ldan urdi she’rning jununi!..
Akif Azalpning “Ikki tomchi yosh” she’ri “Iqror”ning mantiqiy davomi, o‘zbek va ozar xalqlarining ildizlari bir ekanligini kuylaguvchi qo‘shiq o‘laroq yangraydi:
Turon deb esimni taniganimdan
Ko‘zimga aylanar ikki tomchi yosh,
Go‘yo peshonamga azaldan bitgan
Ikki qorachiqday o‘xshash taqdirdosh.
Biri “Shashmaqom”ning ohanglaridan
Titrab kuylar g‘amin Amudaryoning,
Biri “Shikasta”ning navosi bilan
Tebratib eslatar Araz tug‘yonin.
Biri “Alpomishning ruhidan balqib,
Nur sochar Muqanna dovonigacha,
Biri “Dada Qo‘rqut” ufqidan qalqib,
Taralar Bobakning qo‘rg‘onigacha.
Biri Nizomiyning sururi bilan
Ulug‘lashga tashna Qiz galasini,
Biri Navoiyning g‘ururi bilan
Tengsiz Bibixonim maqbarasini.
Biri Nasimiyning paymonasidan
To‘lgan Fuzili-yu Notovonlarcha,
Biri Ulug‘bekning peshonasidan
Merosdir Mashrab-u Nodiragacha.
Biri “O‘tkan kunlar” sehridan hayron,
Qo‘msar samosining Cho‘lponlarini,
Biri chorlovida “Arshin mol olon”,
Yod etar Jovidday o‘g‘lonlarini...
Shu so‘ngsiz yulduzlar singari, do‘stim.
Bo‘lib quvonchimga, g‘amimga yo‘ldosh.
Kiprigimga cho‘g‘day yonajak doim
Toleimga bitgan ikki tomchi yosh!..
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning Akif Azalpning kitobiga yozgan “Agar sendan tonar bo‘lsam...” nomli so‘zboshisida shunday e’tiroflar bor: “Ozarbayjonlik qadrli qardoshlarimiz qatorida Shaxzoda domlaning sadoqatli vorisi sifatida Akif Azalpning alohida o‘rni bor, albatta. Bugun o‘zbek o‘quvchilariga taqdim qilinayotgan “Saylanma” she’rlar to‘plami ozarbayjon shoirining sof o‘zbek tilida bitilgan asarlaridan tarkib topgan nazmiy guldastasidir. Ushbu to‘plamni o‘qigan she’rxon chinakamiga hayratlanishi tabiiy. Mehru oqibat, ezgulik va bag‘rikenglik, tinchlik va xotirjamlik suv va havodek nihoyatda zarur bo‘lgan bo‘lgan damlar Akif Azalpning she’rlari bir nur o‘laroq dillarni yoritib turadi”.
Akif Azalpning o‘zbek va ozar xalqlari, turkiy birlik e’tirof va aks etgan “Saylanma”sini, albatta, o‘qing...
A.Narzulloyev, O‘zA