Joriy yil 24 dekabrda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida mutasaddilar farmon mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi tizimi joriy etilishi belgilab qo‘yildi.
– Farmon bilan nafaqat optimallashtirishga, balki xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tiladi, – deydi adliya vaziri Akbar Toshqulov. – Gap natijadorlikka asoslangan aqlli boshqaruv haqida ketmoqda. Uning zamirida insonlarga xizmat qilish, ularga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni ularni rozi qilish g‘oyasi yotadi. Endilikda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi, byurokratiyadan voz kechiladi.
Respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestri shakllantiriladi va yuritiladi. Davlat byudjetidan davlat boshqaruvi organlariga ajratiladigan mablag‘larning miqdorlarini belgilashda mazkur reyestrda nazarda tutilgan funksiyalar mezon sifatida inobatga olinadi. Funksiyalar yagona reyestrini elektron tarzda yuritish imkonini beradigan “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi joriy etiladi. Vazirlik va idoraning har yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlari, sodda qilib aytganda, kelayotgan yilda nima ish qilmoqchiligi son va sifat ko‘rsatkichlari belgilanadi. Yil so‘ngida mazkur indikatorlarga erishilganligi holatiga baho beriladi. Bahoni, shu jumladan, oddiy fuqarolar beradi. Bu orqali ularning mas’uliyati oshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA