Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashga qaratilgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.
Ana shunday sportchilardan biri og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, jahon hamda qit’a chempionatlari g‘olibi Akbar Jo‘rayevdir. Akbar polvon 1999 yil 8 oktyabr kuni Toshkent viloyatining G‘azalkent tumanidagi Soyliq qishlog‘ida tug‘ilgan. Qayd etish joiz, ushbu qishloq terma jamoamiz uchun bir qator mahoratli atletlarni yetkazib bergan. Jumladan, Akbarning o‘zi og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempioni bo‘lgan akasi Aziz Jo‘rayevga qiziqib, ushbu sportga kirib kelgan va mazkur sport turining ilk sirlarini birinchi murabbiyi Farhod Mirzajanovdan o‘rgana boshlagan.
Tuman, shahar va respublika miqyosidagi musobaqalarda toblangan polvonimiz 2017 yilda terma jamoamiz a’zosiga aylandi va xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2018 yilda erishdi. Akbar Jo‘rayev o‘shanda yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shu yilning o‘zida Toshkentda o‘tgan U20 jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Akbar Jo‘rayev bugunga qadar o‘tgan musobaqalarda bir qator yutuqlarga erishgan. Jumladan, Akbar polvon “Tokio-2021” va “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida oltin hamda kumush medallarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Tokioda tashkil etilgan Olimpiada rekordini yangilagan. 2023 yilda Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘lgan. Jahon kubogidagi yagona oltin medaliga esa o‘tgan yili Tailandda erishgan.
Polvonimiz mamlakatimiz og‘ir atletikachilari orasida jahon chempionatlarida medal jamg‘arish borasida ulkan g‘alabalarni qayd etayotgan sanoqli sportchilardan biridir. U yoshlar toifasidagi dunyo birinchiliklarida dastlab 2018 yili Toshkentda o‘tgan chempionatda kumush, 2019 yili esa Folklend orollari mezbonlik qilgan musobaqada oltin medalga ega bo‘lgan.
Kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida esa 2017 yili Ashxobodda 1 ta oltin, 2019 yili Pattayyada 1 ta kumush, 2021 yili Toshkentda 3 ta oltin, 2023 yili Ar-Riyodda 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan. Joriy yilda Akbar Jo‘rayev Norvegiyaning Forde shahrida og‘ir atletika bo‘yicha tashkil etilgan jahon chempionatida qatnashdi.
Xususan, 110 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan sportchimiz dast ko‘tarish mashqida 196 kilogramm natija bilan jahon rekordini o‘rnatdi. Siltab ko‘tarishda esa 232 kilogramm natija bilan tengsiz bo‘lib, har ikki yo‘nalishda va 428 kilogramm ko‘rsatkich bilan umumiy ikki kurash bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, jami uchta oltin medalga ega chiqdi.
Shu tariqa Akbar polvon besh yil ichida ketma-ket o‘tgan jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lgan og‘ir atletikachimiz sifatida tariximiz zarvaraqlaridan munosib o‘rin oldi.
Darvoqe, 2019-2025 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida ikkitadan oltin va kumush, hamda bir bronza medali bilan taqdirlangan.
Akbar Jo‘rayev qayd etayotgan ulkan muvaffaqiyatlari natijasida Prezidentimiz tomonidan 2021 yilda “O‘zbekiston iftixori” va 2024 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.
– Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar samarasida dunyo bo‘ylab Vatanimiz sharafini yuksaltirmoqdamiz, – deydi Akbar Jo‘rayev. – Meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan Prezidentimizga, xalqimizga, yaqinlarim va murabbiylarimga samimiy minnatdorligimni izhor etaman. Mening g‘alabam barcha yurtdoshlarimizning g‘alabasidir.
Bugun Akbar Jo‘rayevdek o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yayotgan yoshlarimiz safi tobora kengaymoqda. Ularning eng oliy maqsadi doimo O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishdir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA