Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda yoshlarning o‘rni tobora ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar hududiy kengashi, Yangihayot tumani hokimiyati tomonidan “Tinchlik, taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida “Yoshlar festivali” bo‘lib o‘tdi.
Festival “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, huquqiy bilimini oshirish, sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xleUKaJX2nM" title="Akademiyada Yoshlar festivali oʻtkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tadbir davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Yoshlarga yong‘in va qutqaruv xizmatida foydalaniladigan maxsus texnikalar ko‘rsatildi.
Xizmat itlari bilan ko‘rgazmali chiqishlar, kamondan o‘q otish mahorat darslari o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida sportning mini futbol, stol tennisi, badminton, shaxmat va shashka turlari, o‘quv qurollarini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Yakunda barcha sport turlari natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan va faol qatnashgan bir guruh yoshlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, kelajakka ishonchini va harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda bu kabi tadbirlarning o‘rni beqiyos.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA