O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektorlari uchun “Yangi O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda ma’rifiy sohani ravnaq toptirish masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekani ta’kidlandi.

O‘quvlarda Akademiya rektori Muzaffar Komilovning “Yangi O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari hamda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda keyingi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Ma’ruza davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy ahamiyat kasb qilgan ma’ruzasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Malaka oshirish darslarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash xizmati mutasaddilari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari ham nazariy hamda seminar-trening shaklida mashg‘ulotlar olib bordi.

Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning konstitutsiyaviy hamda institutsional asoslari, iqtisodiyot sub’ektlari tomonidan iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini diniy qarashlar asosida cheklashga yo‘l qo‘ymaslik masalalari, yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etilayotgan yot g‘oyalaridan muhofaza qilish, aqidaviy masalalardagi ixtiloflar va ularning yechimlari hamda O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglikni ilgari surish borasidagi xalqaro hamkorligi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.
N.Usmonova, O‘zA