O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi huzurida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.09/31.08.2022.I.151.01 kengash tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining 2022 yil 31 avgustdagi qarori bilan Bank-moliya akademiyasi huzurida iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarni jahon standartlariga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ahamiyati xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etildiki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining ilmiy salohiyatini yuksaltirish, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, ayniqsa, yuqori salohiyatga ega mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bank-moliya akademiyasida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash tashkil etilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga misoldir.
Ilmiy kengashga 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”, 08.00.08 – “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit”, 08.00.16 – “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi.
Ilmiy kengashning kelgusi faoliyatida iqtisodiyot va bank-moliya sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar salmog‘ini yanada oshirish, olib borilayotgan ilmiy o‘rganishlar miqyosini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
“O‘zmilliybank”AJ
Matbuot xizmati