English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademiya tashabbusi bilan “Ekofaollar” aksiyasi o‘tkazildi
20:08 / 2025-11-29

Insoniyat taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanib, fan va texnologiya sohasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Biroq ushbu rivojlanish jarayonida maishiy, sanoat va plastik chiqindilarning ko‘payishi natijasida atrof-muhit ifloslanishi kuzatilib, tabiatga zarar ham ortmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisi 2050 yilda 9,7 milliardga, 2100 yilda esa 11,2 milliardga yetishi kutilmoqda. Aholining 55 foizi shaharlarda istiqomat qilayotgan bo‘lsa, 2050 yilga borib, bu raqam 70 foizga yetadi. Bu esa katta-kichik shaharlarda chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmoqda. Maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshayotganini e’tiborga olsak, muammoni hal qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmas ekan, bu dunyo ekologiyasiga yanada jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan xiyobon maydoni hamda «Navro‘z» bog‘i hududida ijtimoiy tashabbus – «Ekofaollar» aksiyasi o‘tkazildi.

Aksiya doirasida xiyobon maydoni hamda «Navro‘z» bog‘i chiqindilardan tozalandi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi «2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 28 iyuldagi buyrug‘iga muvofiq, talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, yoshlar orasida jamoat joylarini chiqindidan xoli hududga aylantirishni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, magistr va doktorantlar hamda 200 nafardan ziyod talaba faol ishtirok etishdi.

— O‘zbekiston yoshlarini ekologik madaniyat va ijtimoiy mas’uliyat ruhida tarbiyalash O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Akademiya boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Abdufattoh Hakimov. — Akademiya tashabbusi bilan tashkil etilgan bu tadbirdagi ishtirokimiz orqali yoshlarga atrof-muhit tozaligi, hududlarni obod qilish va yashil makonni kengaytirishda amaliy hissa qo‘shish muhimligini yana bir bor ko‘rsatishni maqsad qildik. 

«Ekofaollar» aksiyasi nafaqat hududlarni tozalash yoki ko‘kalamzorlashtirish, balki jamoatchilikda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan. Yoshlar tabiatga e’tiborli, jamiyat uchun mas’uliyatli bo‘lib kamol topsa, bu kelajagimiz uchun eng muhim omillardan hisoblanadi. 

Bunday tashabbuslar atrof-muhitni asrashga qaratilgan keng jamoatchilik harakati shakllanishiga xizmat qiladi.

Akademiyada ekologik yo‘nalishdagi loyihalar doimiy ravishda amalga oshiriladi. Akademiya va hamkor muassasalar bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida “Yashil makon”, “Toza muhit”, “Ekosavodxonlik darslari” kabi loyihalar o‘tkazilmoqda. 

Mazkur aksiya orqali aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga tabiatga muhabbat ruhini singdirish, tabiat va shaxs munosabatlarida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissi shakllantirildi.

Shuningdek, yoshlarda ekologik loyihalarga qiziqish uyg‘otish, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularni kelgusida shunday tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha tashabbus qilishga ruhlantirildi.

Aksiya ishtirokchilariga zaruriy ashyolar, yelim qop va qo‘lqoplar, futbolka, bosh kiyim, eko-sumka, shuningdek, antiseptik vositalar tarqatildi.

Yurtimizda yiliga 14 million tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga cingadi.

Yakunda faol ishtirok etgan aksiya ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar yoshlarimizda tabiatga daxldorlik hissini uyg‘otib, ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiatga e’tiborli bo‘lishga xizmat qiladi.

N.Usmonova, O‘zA