Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademiya klinik baza sifatida xizmat qiladi
10:56 / 2025-09-22

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrda qabul qilingan “Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori Orolbo‘yida tibbiyot sohasini rivojlantirish va tibbiyot xodimlari uchun munosib sharoit yaratish yo‘lida yangi bosqichni boshlab berdi.

Mazkur qarorga muvofiq, hududda tibbiy kadrlar malakasini oshirish va amaliyot hamda ilmiy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etilmoqda.  

Akademiya davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritib, Orolbo‘yi mintaqasida (Qoraqalpog‘iston, Xorazm) 10 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimi, xususan shifokorlar zamonaviy amaliyot ko‘nikmalarini o‘rgatish, malaka oshirish va qayta tayyorlash imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish orqali mintaqada keng tarqalgan kasalliklarning oldini olish va ularni kamaytirishga yo‘naltirilgan ilg‘or ishlanmalar amalga tatbiq etiladi.  

Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar nafaqat aholi salomatligini tiklashga, balki jamiyatning umumiy ravnaqiga xizmat qiladi. Zamonaviy diagnostik uskunalar, yuqori texnologiyali laboratoriyalar va yangi avlod dorivor vositalari kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkonini beradi. Shuningdek, aholining turli yosh toifalari uchun profilaktika dasturlari, emlash jarayonlari va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, bolalar va yoshlarning sog‘lom o‘sishi ta’minlanadi, mehnatga layoqatli aholining ish qobiliyati oshadi, keksalarning umr davomiyligi uzayadi. Bu esa aholining salomatligini mustahkamlash, yosh avlodning o‘sishi va yurtimiz kelajagi uchun sog‘lom jamiyat barpo etishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Tashkil etilayotgan akademiyaning eng muhim jihatlardan biri, endilikda tibbiyot xodimlarining malaka oshirish jarayonlari Nukus shahridagi davlat va nodavlat shifoxonalari uchun Akademiya klinik baza sifatida xizmat qiladi. Zamonaviy o‘quv-simulyatsion markaz orqali xalqaro standartlarga asoslangan ta’lim va amaliyot tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, telemeditsina imkoniyatlarini joriy etish orqali chekka hududlarda ham mutaxassislar ishtirokida maslahat va konsiliumlarni tashkil etish imkoni yaratiladi. Bu esa innovatsion tashxis va davolash usullarini amaliyotga joriy etishda muhim omil bo‘ladi.

Tibbiyot xodimlari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Akademiya hududida 50 o‘rinli mehmonxona qurilishi belgilangan bo‘lib, bu mahalliy va xorijiy mutaxassislarning samarali faoliyat olib borishiga xizmat qiladi. Akademiya zamonaviy jihozlar va simulyatsion uskunalar bilan to‘liq ta’minlanadi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qaror Qoraqalpog‘iston tibbiyot xodimlari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, ilg‘or texnologiyalardan foydalanish va kasbiy rivojlanishda yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Bu esa nafaqat tibbiyot sohasi rivojiga, balki aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatining yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.

Olimboy Halimov,

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori

O‘zA