Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademiya bitiruvchilariga harbiy unvon topshirildi
16:30 / 2021-06-23

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant maxsus unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi general-leytenant Tursinxan Aydarovich Xudaybergenov hamda FVV akademiyasi boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunlari asosida yurtimizda oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, mas’uliyatli, burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi farmoni alohida ahamiyat kasb etib, bugungi kunda mustaqil Vatanimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, dunyo mamlakatlari orasida yurtimiz obro‘-e’tiborining tobora yuksalib borishi, farzandlarimizning intellektual salohiyat egasi, o‘z kasbining mohir ustasi, hech kimdan kam bo‘lmagan avlod bo‘lib yetishishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shundan so‘ng bitiruvchilarga diplom va harbiy leytenant unvonlari tantanali ravishda topshirildi. Tantana davomida so‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining his-hayajonga to‘la tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etishdi.

– bugungi quvonchli va esda qolarli kunimiz munosabati bilan bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz, – deydi bitiruvchi leytenant Islom Mirzaahmedov. – Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘ligini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganligimizdan faxrlanamiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz, deb va’da beraman.

– Bugun farzandim Islomjon ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Mirzohid Mirzaahmedov. – O‘zim ham shu sohada mehnat qilayotganligim uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan va u shu ruhda voyaga yetgan.

Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadi.

 

Gulnoza Boboyeva,  O‘zA