Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademiya bitiruvchilariga diplom va harbiy unvon topshirildi
17:19 / 2024-06-24

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va «leytenant» harbiy unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda akademiya boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov mamlakatimizda oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi. 

Bitiruvchilarga diplom va «leytenant» harbiy unvoni tantanali ravishda topshirildi. 

– Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, – deydi bitiruvchi leytenant Jamshidbek Hakimov. – Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘ligini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak. Biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga va’da beramiz. 

– Bugun farzandim Fayozbekning ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi podpolkovnik Botirjon Sotvoldiyev. – Ishonamanki, farzandim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatini safarbar etadi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA