English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademik xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi
19:21 / 2025-10-17

Parkent tumanidagi Materialshunoslik instituti atoqli fizik olim, akademik – Sodiq Azimov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan uning xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati, Parkent tuman hokimi Sardor Isoqulov, institut olimlari, akademikning yaqinlari, shogirdlari, hamkasblari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimi o‘z so‘zida, Sodiq Azimovning ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi va yadro fizikasi rivojiga qo‘shgan xizmatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, iste’dodli yoshlar hamda tadqiqotchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar xususida alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov hamda Materialshunoslik instituti direktori Odilxo‘ja Parpiyev olimning hayoti va ilmiy faoliyati, shogirdlarini yetuk olim bo‘lishi yo‘lidagi jonkuyarligi, chin insoniy fazilatlari, ilmiy izlanishlardagi fidokorligi to‘g‘risida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Mehmonlar haykal poyiga gullar ham qo‘ydi. 

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, fizik olim Sodiq Azimov (1914 – 1988)  respublika ilm-fanida yadro fizikasi va quyosh energiyasidan foydalanish sohalarining asoschilaridan biridir. U O‘zR FA Yadro fizikasi instituti tashkilotchilaridan bo‘lib, Parkentdagi quyosh pechining barpo etilishida muhim rol o‘ynagan. 

S.Azimov faoliyati davomida 14 nafar fan doktori va 70 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan, 1964 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan.

A. Musayev, O‘zA.