English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademik Xadicha Sulaymonova nomli stipendiya joriy etildi
19:34 / 2023-01-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yurisprudensiya sohasida yorqin nomga ega bo‘lgan birinchi olima ayol, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, marhum Xadicha Sulaymonovaning 110 yillik yubiley sanasini munosib nishonlash belgilangan.

Olima ayolning ibratli hayot yo‘li, huquqshunoslik sohasidagi mashaqqatli mehnati, boy ilmiy-amaliy merosini xalqimiz, jamoatchilikka yetkazish, faoliyatini keng targ‘ib qilish, munosib hurmat ko‘rsatish, huquqshunoslik kasbini tanlagan yoshlarda milliy yuridik ta’limga, ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, faxr hamda iftixor tuyg‘usini yanada oshirish, daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirish maqsad qilingan edi.

Olimaning faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari hamda universitet qoshidagi M.S.Vosiqova nomidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun Xadicha Sulaymonova nomidagi stipendiya joriy etildi.

Adliya vazirligi bilan kelishgan holda davlat va jamoat tashkilotlari, huququshunoslik yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqiy islohotlar tashabbuskori bo‘lgan, yuridik ta’lim, ilm-fan sohasi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarga taqdim etish uchun “Xadicha Sulaymonova nomidagi ko‘krak nishoni”ni ham ta’sis etildi.

Stipendiya va ko‘krak nishoniga nomzodlarni saralash jarayoni belgilangan tartibda, adolatli, ochiq va oshkora tashkil etilishi nazoratga olingan.

Akademik Xadicha Sulaymonova nomidagi stipendiya uchun ikki bosqichli tanlov o‘tkaziladi. Birinchi shartda test sinovi, ikkinchi shartda ishtirokchilarning ilmiy-ijodiy va ijtimoiy faolliklari baholanadi.

Stipendiya akademikning ilm-fan rivoji, huquqiy davlat barpo etishdagi harakatlari, ibratli hayot yo‘li, ilmiy-madaniy merosini o‘rganish, targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan, bilimli, ijtimoiy faol va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishda munosib ishtirok etib kelayotgan talaba va o‘quvchilarni munosib rag‘batlantirishni maqsad qilgan.

Stipendiantlar 10 oy davomida bazaviy stipendiyaning bir yarim baravari (o‘quvchilar bir baravari) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantirib boriladi.

O‘zA