Navoiy davlat universitetida “Akademik va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etgan tadbirda akademik X.Ibragimov o‘zining ilmiy va amaliy faoliyati, akademik darajasigacha yetib kelishdagi sermashaqqat hayot yo‘li, bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va ilm-fan sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Talaba-yoshlarni bundan unumli foydalanishga chaqirdi.


O‘z navbatida universitet rektori Muhiddin Kalonov oliy ta’lim dargohining yangi bunyod etilayotgan kampusi, shuningdek, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib, akademik Xolboy Ibragimovga minnatdorlik bildirdi. Yurtimizdagi ilm-fan sohasi rivoji uchun malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda qo‘shayotgan hissasi, ko‘p yillik samarali mehnatlari hamda hamkorlik uchun esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Uchrashuv so‘nggida Xolboy Ibragimov universitet tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi faoliyati bilan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri