Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademik talaba yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
15:56 / 2024-10-18

Andijon davlat universitetida “Akademik va yoshlar” uchrashuvi doirasida Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi Xolboy Ibraimov talaba yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dastlab akademik Xolboy Ibraimov universitetda talaba-yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasida tadqiqotchi-olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan tanishdi.  

Shundan so‘ng, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.  

Uchrashuvda akademik Xolboy Ibraimov mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayoniga xorijiy tajribalar, ilg‘or o‘qitish uslublarini joriy etish, iqtidorli talaba va yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.  

[gallery-19827]

Shuningdek, o‘tkazilayotgan ilmiy uchrashuvning ahamiyati, milliy ozodlik yo‘lida kurash olib borgan jadid bobolarimiz, ularning siyosiy, ilmiy faoliyati, umuman, jadidchilik harakatining maqsadlari haqida gapirdi.  

Akademik olim “Farzand tarbiyasida ota-ona mas’uliyatini oshirish: pedagogik hamkorlik yo‘llari” mavzusidagi suhbat davomida hayotiy misol va tajribalar asosida o‘zining bu boradagi fikr, mulohazalarini aytib o‘tdi, ilmiy yondashuvlarga to‘xtaldi. Pedagog kadrlarning yosh avlod tarbiyasi, ayniqsa, bilimli, salohiyatli bo‘lishidagi mas’uliyati nihoyatda katta ekanligini alohida ta’kidladi.  

Uchrashuvdan so‘ng talabalar akademik Xolboy Ibraimov hamrohligida Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida bo‘ldi. U yerda ajdodlarimizning erk va mustaqillik yo‘lida olib borgan mashaqqatli kurashi, Andijon tarixiga oid muhim voqealar, yurt ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan insonlar hayoti va taqdiri bilan bog‘liq ma’lumot hamda eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.  

F.  Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (foto),  

O‘zA muxbirlari