Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademik olimga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
15:20 / 2025-12-23

Andijon davlat universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi Sirojiddin Zaynabidinov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy yarimo‘tkazgichli mikroelektronika va fotovoltikada nanoo‘lchamli tizimlardan foydalanish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizdagi hamda qo‘shni davlatlardagi qator oliy o‘quv yurtlar professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar, keng jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar ishtirokidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ochilishida Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev so‘z olib, akademik Sirojiddin Zaynabidinovning yurtimiz va jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, fidokorona va mashaqqatli mehnati, shuningdek, yosh avlodni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, u anjuman ishtirokchilariga samarali ilmiy muloqotlar, muhokamalar hamda anjuman ishiga yuksak natijalar tiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyatslar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakillari, xorijiy mehmonlar, ilmiy hamkorlari, ustozning hamkasblari, shogirdlari tomonidan samimiy qutlovlar aytildi. Olimning ilmiy faoliyatiga yuksak baho berilib, unga ehtirom ko‘rsatildi.

Chiqishlarda akademik Sirojiddin Zaynabidinovning boy ilmiy merosi, zamonaviy fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda o‘zining ilmiy maktabini yaratishdagi fidokorona faoliyati alohida e’tirof etildi.

[gallery-26866]

Shundan so‘ng ilmiy-amaliy anjuman sho‘’balari doirasida davom etdi. Mamlakatimiz hamda xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tajribali olimlar, professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy fizika fani taraqqiyotining dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar o‘qildi.

Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda fan rivojini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, yangi ilmiy g‘oyalar, taklif va mulohazalar bildirildi. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.