Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi (JIDU) o‘quvchilaridan iborat delegatsiya Malayziyaga o‘quv-madaniy safar bilan bordi. Ushbu tashrif o‘quvchilarning xalqaro ta’lim muhitini o‘rganish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi bilan yaqindan tanishish hamda akademik salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Safar doirasida delegatsiya Kuala-Lumpur shahrida joylashgan INTI International University ta’lim dargohiga tashrif buyurib, universitetda joriy etilgan zamonaviy ta’lim tizimi, innovatsion yondashuvlar, akademik dasturlar hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ushbu uchrashuvlar o‘quvchilarga xalqaro standartlar asosidagi ta’lim jarayonlari haqida keng tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Tashrif davomida INTI International University rektori hamda JIDU akademik litseyi direktori Oydin Mannopova o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat A Level dasturi doirasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuvni rivojlantirish va qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, o‘quvchilar A Level dasturi asosida tashkil etilgan seminar va treninglarda faol ishtirok etib, xalqaro ta’lim amaliyoti, baholash tizimi hamda akademik tayyorgarlik talablari bilan yaqindan tanishdi. Bu tajriba ularning global ta’lim muhitiga moslashuvi va kelgusida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi.
Safar doirasida JIDU akademik litseyi o‘quvchilari Malayziyada joylashgan O‘zbekiston Respublikasining elchixonasiga ham tashrif buyurdi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev o‘quvchilar bilan samimiy muloqot o‘tkazib, diplomatik faoliyat, xalqaro munosabatlar hamda yoshlarning bilimli va tashabbuskor bo‘lishi mamlakat kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Madaniy-ma’rifiy dastur doirasida delegatsiya mamlakatning mashhur maskanlaridan biri – Putrajaya shahridagi Islom markaziga tashrif buyurdi. Shuningdek, Kuala-Lumpurda joylashgan Qur’on muzeyida bo‘lib, Qur’oni Karimning turli davrlarga oid nodir qo‘lyozmalari, qadimiy xattotlik san’ati namunalari bilan tanishdi.

Safar davomida delegatsiya Pine Hills International School ta’lim muassasasiga ham tashrif buyurdi. Uchrashuvda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va A Level dasturini JIDU akademik litseyida bosqichma-bosqich joriy etish masalalari yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Kuala-Lumpurda buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda elchi Karomiddin Gadoyev Navoiy ijodining yosh avlod ma’naviy kamolotiga qo‘shgan ulkan hissasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ayni paytda JIDU akademik litseyi o‘quvchilarining Malayziyaga uyushtirilgan o‘quv-madaniy safari davom etmoqda. Bu tashrif o‘quvchilar uchun nafaqat bilim va tajriba, balki xalqaro maydonda mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh yoshlar sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova,
O‘zA