23 iyun kuni Samarqand davlat universiteti akademik litseyi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘ldi.
Bitiruvchilarga diplomlarni universitet rektori Rustam Xolmurodov, SamDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev, litsey direktori Azamat Umarov topshirdi.
– Yoshlik kelajakni qurish uchun berilgan vaqtdir. Sizning asosiy vazifangiz o‘qish va yana o‘qish. Bugun chet tillari bo‘yicha xalqaro sertifikat olgan yoshlarimizni ko‘rib quvondim. Biz kelgusida bitiruvchilarimizga chet tilini bilish talabini qo‘yamiz. Til bilgan el biladi. Til bilgan inson hech qachon yutqazmaydi.
Orangizdan kelajakda akademiklar, professorlar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqishiga ishonaman. Ilm egallagan inson hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Ertaga sizlar jamiyat faxr-iftixoriga aylanasiz. Buning uchun faqat o‘qish kerak, – dedi jumladan SamDU rektori Rustam Xolmurodov.
Tadbirda a’lo baholarga o‘qigan, xulqi, o‘qishi, jamoat ishlarida faol bo‘lgan yigit-qizlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
– Imtiyozli diplom bilan litseyni tugatayapman. Yaratilgan imkoniyatlar tufayli ingliz tilidan xalqaro sertifikat, chet tillarini bilish darajasi testidan B2 darajasini olishga muvaffaq bo‘ldim. Buning uchun ustozlarimga minnatdorlik bildiraman, – deydi litsey bitiruvchisi Jasur Sa’dullayev.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati