Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida kimyo fanidan “Akademik kubogi” olimpiadasi tashkil etildi.
Ushbu tadbir iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi va izlanuvchanlik ruhini yanada kuchaytirish, shuningdek, xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalariga tayyorgarlik jarayonini takomillashtirishga qaratilgan muhim ilmiy-ma’rifiy platformaga aylandi.

Olimpiadaning ochilish marosimida Qoraqalpoq davlat universiteti rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O.Duysenbayev va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i, akademik A.Reymov ishtirok etishib, barcha ishtirokchi yoshlarni samimiy qutlashdi va ularga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Olimpiada jarayonida akademik litseylarning eng iqtidorli o‘quvchi-yoshlari kimyo fani bo‘yicha nazariy va amaliy yo‘nalishlarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Ular uchun maxsus murakkab savollar, laboratoriya mashg‘ulotlari va kimyoning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha topshiriqlar tayyorlandi.
Olimpiada g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri