Akademik ijodkorlar nafis san’atning turli yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borishda, ijodiy jarayonlar va yangiliklarni teran tahlil va targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Boshqaruv kengashi tomonidan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 9 nafar ijodkor Badiiy akademiyaning haqiqiy a’zolari etib tasdiqlandi.
Shu munosabat bilan Badiiy akademiyaning yangi tasdiqlangan haqiqiy a’zolariga a’zolik guvohnomalarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mutasaddi vazirlik va idoralar, tasviriy va amaliy san’at sohasining yetuk vakillari, yosh ijodkorlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan, tasviriy va amaliy san’at sohasini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida barcha sohalardagi kabi san’at sohasida ham salmoqli o‘zgarishlar ro‘y berdi.
2023 yil mobaynida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan bir qator yirik xalqaro darajadagi loyihalar amalga oshirildi. Ijodkor rassomlar tomonidan milliy tasviriy-amaliy san’atimiz targ‘ib etildi. Joriy yilda o‘tkazilgan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali, "Toshkent-2023" II Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi, IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi shular jumlasidandir. Shuningdek, bir qator fidoiy ijodkorlarimiz davlatimiz rahbari tomonidan samarali faoliyati uchun faxriy unvon va mukofotlar taqdirlandilar.
Bugungi kunda Badiiy akademiyaning ilmiy va badiiy salohiyatini oshirishda asosiy o‘ringa ega bo‘lgan akademiyaning haqiqiy a’zolari safi kengayishi ham sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaldagi tasdig‘idir.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ustavi”ga muvofiq xalqaro va respublika miqyosdagi nufuzli ko‘rgazmalarda munosib ishtirok etgan, milliy, tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik sohalarini o‘zining yirik asarlari bilan boyitgan, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lida mehnat qilayotgan ijodkorlar Badiiy akademiyaning haqiqiy a’zoligiga nomzod bo‘lishi mumkin.
Joriy yilda quyidagi ijodkorlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari etib tasdiqlandi: O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, san’atshunoslik fanlari doktori Kamola Akilova, ushbu institut professori, mahobatli rangtasvir rassomi Alisher Aliqulov, Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi, rangtasvirchi rassom Ibrohim Valixo‘jayev, Badiiy ijodkorlar uyushmasining Samarqand viloyat bo‘limi a’zosi, rangtasvirchi rassom Nuriddin Kalonov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, rangtasvirchi rassom Imyar Mansurov, Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, rassom Muhammatxon Nuritdinov.
Shuningdek, Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, rangtasvirchi rassom, haykaltarosh Damir Ro‘ziboyev, P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi rangtasvir fani o‘qituvchisi, rangtasvirchi rassom Jamol Usmonov, Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, haykaltarosh Azamat Hotamovga ham akademiklik guvohnomalari topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA