Mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor va sportchilarimizning xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishishlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasida ular tomonidan yuksak marralar zabt etilmoqda.
Ayniqsa, akademik eshkak eshish bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar terma jamoamiz a’zolari muntazam yuqori o‘rinlardan joy olayotir.
Jumladan, 2025 yil akademik eshkak eshish sporti bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchun xalqaro maydonda mazmunli va samarali natijalar bilan yodda qoldi. Yil davomida jahon, qit’a va mintaqaviy miqyosda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda Vatan sharafini munosib himoya qildi.

Mavsumning ilk yirik startlaridan biri — Shveysariyaning Lyutsern shahrida bo‘lib o‘tgan jahon kubogi bosqichida terma jamoamiz 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Tailandning Pattayya shahrida o‘tkazilgan sohil bo‘yi akademik eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatida esa sportchilarimiz 1 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Litvaning Trakay shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston yosh eshkak eshuvchilari 2 ta kumush medalga ega chiqdi. Xitoyning Shenyan shahrida tashkil etilgan U19 va U23 yosh toifalaridagi Osiyo chempionati esa yilning eng sermahsul musobaqalaridan biri bo‘ldi. Unda terma jamoamiz 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalini jamg‘ardi.

Mavsum davomida o‘tkazilgan turli xalqaro regatalarda ham eshkak eshuvchilarimiz faol ishtirok etdi. Ushbu musobaqalarda 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza, Ozarbayjonning Mingechaur shahrida bo‘lib o‘tgan MDH o‘yinlarida esa 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqdi. Mavsumning yakunlovchi yirik musobaqalaridan biri — Vetnamning Xayfon shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida sportchilarimiz 4 tadan oltin va kumush hamda 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Umuman olganda, 2025 yil davomida akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalarda jami 43 ta medalga ega chiqdi. Shundan 15 tasi oltin, 17 tasi kumush va 11 tasi bronza medallardir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA