Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Akademik erkinlikning konstitutsiyaviy negizi: ta’lim sifatini oshirishdagi muhim mexanizm
14:18 / 2025-12-02

Bugungi globallashuv sharoitida mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat endi resurslar yoki geografik afzalliklar bilan emas, balki ilm-fan, innovatsiya va inson kapitali bilan belgilanmoqda. Shu ma’noda, oliy taʼlim tashkilotlariga qonun bilan berilgan akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqot o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi nafaqat taʼlim tizimi ichidagi islohot, balki jamiyatning kelajak taraqqiyotiga qaratilgan eng muhim strategik qarordir.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti jarayonida eng muhim qadriyatlardan biri – bu inson kapitali, ilmiy salohiyat va ta’lim sifatidir. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasida mustahkamlangan “oliy ta’lim tashkilotlarining akademik erkinligi, o‘zini o‘zi boshqarishi, tadqiqot o‘tkazish va o‘qitish erkinligi” tamoyili nafaqat ta’lim tizimiga, balki butun jamiyat taraqqiyotiga strategik ta’sir ko‘rsatadigan o‘ziga xos yangilikdir.

Bu modda universitetlarga berilgan oddiy huquq emas. Bu davlatning oliy ta’limga bo‘lgan ishonchi va intellektual mustaqillikka qaratilgan siyosati natijasidir. Chunki ilm-fan rivojlanishi uchun eng avvalo erkin fikr, erkin tajriba, erkin izlanish muhitiga ehtiyoj bor. Konstitutsiyada bunday yondashuvning mustahkamlab qo‘yilishi ta’lim siyosatida demokratik tamoyillar amalda ishlay boshlaganining yorqin ko‘rinishidir.

Bugun dunyo universitetlari kuchli reytinglar, yetakchi ilmiy loyihalar va innovatsion mahsulotlar bilan baholanadi. Ularning barchasi akademik avtonomiya mahsuli. Shunday ekan, O‘zbekiston universitetlariga berilgan erkinlik global ta’lim hududiga integratsiya qilish, ilmiy maktablarni rivojlantirish va yoshlarning ijodiy fikrlashini qo‘llab-quvvatlash uchun katta imkoniyatdir. Aslida, akademik erkinlik bu oddiy imtiyoz emas. Bu jamiyatning ilmiy salohiyatiga bo‘lgan ishonchi, universitetlarning intellektual mas’uliyatga egaligini tan olish, innovatsiyaning erkin rivojlanishiga yo‘l ochish demakdir. Respublikamizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan oliy ta’lim islohotlarining markazida ham aynan shu tamoyil turibdi.

Dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida akademik erkinlik ilmiy maktablarning mustahkamlanishiga, yangi tafakkur egalari bo‘lgan yoshlarning erkin fikrlash va ijod qilishiga zamin yaratgan. Universitetga erkinlik berilmagan jamiyatda innovatsiya so‘nadi, auditoriyada ijodkorlik emas, balki shablonlik hukm suradi, tadqiqotlar formal tusga kiradi. Shuning uchun ham bugungi kunda biz oliy ta’limning tub mohiyatini qayta anglash yo‘lida turibmiz. Oliy taʼlim tashkilotlari o‘z o‘quv dasturlarini mustaqil shakllantirayotgani, ilmiy tadqiqotlarini jahon talablariga mos ravishda olib borayotganining o‘ziyoq xalqaro reytinglarga ko‘tarilishning asosiy shartlaridan biridir.

Konstitutsiyaning 51-moddasi ta’lim sohasiga berilgan katta siyosiy ishonchdir. U yoshlarimizning intellektual salohiyatini ochish, ilm-fan nufuzini yuksaltirish va universitetlarni haqiqiy akademik maydonga aylantirish uchun huquqiy kafolat yaratadi. Erkinlik bilan birga mas’uliyat ham ortadi. Endi oliy ta’lim muassasalari zamonaviy pedagogika, innovatsion boshqaruv va ilmiy yondashuv bo‘yicha yetakchi bo‘lishi shart. Darhaqiqat, 51-modda ertangi kun universitetining bosh konsepsiyasi. Shu bois, akademik erkinlik shunchaki huquq emas. Bu – taraqqiyotning asosiy drayveri, jamiyatning intellektual investitsiyasi va kelajak avlodning fikrlash madaniyatiga qo‘yilgan poydevordir. Uni to‘g‘ri anglash, to‘g‘ri qo‘llash va kuchli mexanizmlar bilan ta’minlash har bir ta’lim tashkiloti, har bir ilmiy pedagogik jamoa oldidagi eng katta mas’uliyatdir.

Dildoraxon Yangiboyeva,

Jamoat xavfsizligi universiteti oʻqituvchisi

psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)