Ijtimoiy tarmoqlarda arxeolog olim, akademik Edvard Rtveladzening Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa yodgorligi qala devori qulab tushgani, “Buni kimdir yoki kimlardir ataylab amalga oshirgan” degan fikr ilgari surilgani haqidagi xabari turli shov-shuv va muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Arxeologik yodgorlikni o‘rganishga uzoq yillik mehnati singan taniqli olim jiddiy xavotir bilan aytgan bu gaplar haqiqatga nechog‘lik to‘g‘ri ekanini bilish maqsadida Termiz shahridan 30 chaqirimcha yo‘l bosib, Kampirtepada bo‘ldik, qulab tushgan devorni ko‘rdik. Mahalla faollari, soha mutaxassislari va arxeolog olimlar bilan suhbatlashdik.
Kampirtepa miloddan avvalgi 4 asr oxirida asos solingan qadimiy shahar harobasi sanaladi. U Amudaryoning o‘ng sohilida Muzrabot tumanining Shurob qishlog‘idan 1,5 chaqirim masofada joylashgan. Bu shahar Kushon podsholigi davri ya’ni, 1-2 asrlarda gullab yashnagan. Hunarmandchilik va savdo rivojlangan.
Shimoliy Baqtriya hududidagi qiziqarli yodgorliklardan biri bo‘lgan Oks (Amudaryo) bo‘yidagi Kampirtepa 1972 yil arxeologik rekognossirovka vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi E.Rtveladze tomonidan ochilib, hozirgacha o‘rganib kelinmoqda. Izlanishlari natijasida olim bu yerni yo‘qotilgan Oks Aleksandriyasi, deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, akademik 1990—2000 yillarda yodgorlikning sharqiy qismida restavratsiya ishlarini olib borgan. Yodgorlikning kirish qismida ramziy devor barpo etilgan. Restavratsiya va rekonstruksiya ishlari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilgan.
Yodgorlik joylashgan Buyuk ipak yo‘li mahallasi raisi K.Turdiqulov bilan yodgorlikda bo‘lib, ramziy devorni aylanib chiqdik. Qulagan joyini ko‘zdan kechirdik.
– Noyabr oyining oxiri va dekabrning boshida yomg‘ir, qor yog‘ishi oqibatida devor qulab tushdi, – deydi mahalla raisi. – Shundan so‘ng bu yer sellafon bilan o‘rab qo‘yildi. “Ataylab buzilgan”, degan gaplar mutlaqo asossiz bo‘lib, devor qulashining sabablarini uning tepasiga chiqqach, o‘zingiz ham tushunib yetsangiz kerak. Chunki, g‘ishtlari shu yerning oq tuprog‘idan suvga aralashtirib quyilgan. Ikki tarafiga bir g‘ishtdan terilib, o‘rtasi oq tuproqqa aralashtirilgan g‘alla va sholining maydalangan somoni bilan to‘ldirilgan. Devorning qulagan joyi ham uning omonat qilib, qurilganini ko‘rsatdi. Xalqimizga esa uni buzishdan na ma’naviy, na boshqa manfaat yo‘q.
[gallery-410]
Mahalla raisi bilan ramziy devorga chiqdik. Eni bir metrcha keladigan devorning o‘rtasi tuproq bilan to‘ldirilgan. Hattoki usti loy suvoq ham qilinmagan. Yomg‘ir suvi esa tuproqdan sizib, pastga tushgan. G‘ishtlar zahlab, uning yerdagi qismi yemirib qolgan. Shu yerda g‘ishtlarning tayyorlanishi va terilishi ham e’tiborimizni tortdi. Odatda oq tuproqning xom g‘ishtlari pishiq, chidamli bo‘lishi uchun qadimdan Surxondaryoda g‘alla yoki sholi somoni aralashtirib pishitilgan loydan yasaladi. Bu g‘ishtlarga somon solinmagani va tarkibi faqat suv bilan oq tuproqdan iborat ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi. Ikkinchidan, g‘isht terishga ham kimlardir yollanib ishlagandek taassurot o‘yg‘otdi. Sababi devor g‘ishtlari qo‘l uchida terilganidan, bir-biriga bog‘lanmagan. Natijada devorda yoriqlar paydo bo‘lib qolgan.
– Akademik Edvard Rtveladze moddiy madaniyatni anglamaydigan, tushunmaydigan mahalliy xalq buni buzib tashlayapti, bir kishi bo‘lib emas, jamoa bo‘lib, buzib tashlayapti, degan fikrni ilgari surgan, – deydi Termiz davlat universiteti tarix fanlari doktori, arxeolog Shopo‘lat Shaydullayev. – Mana, men mutaxassisman. Tarix fanlari doktori, arxeologman. Buni eshitishim bilan qulagan joyini borib ko‘rdim. Uning sababi bor. So‘nggi kunlarda kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi. Qor yog‘di. Kuchli namlik ta’sirida devor qulagan. Aslida u qadimgi devor ustiga qurilgan. Devorning o‘zi juda ham yomon saqlangan.
Tuzning ko‘tarilishi natijasida qadimgi devor juda xilpirab turibdi. Buning ustiga 3,5 metrlik qalin devor barpo etilgan. Tabiiyki, bu devorni ko‘tarmaydi. Restavratsiyaga xom g‘isht ishlatilgan. Oddiy oq tuproq bilan suv aralashmasidan g‘isht tayyorlangan. Uning elastiklik darajasi yo‘q. Loy pishitilmagan. Monolit devor qilinmagan. Devorning chekkasiga xom g‘isht terilgan. O‘rtasiga tuproq uyib qo‘yilgan. Shuning uchun bu yerda xalqni moddiy-ma’naviy merosni tushunmaslikda ayblash juda noto‘g‘ri. Men bu fikrlarni mutaxassis sifatida aytayapman.
Qal’a devorining buzilishida biz ham hech qanday tashqi ta’sirni sezmadik. Qadimgi tarixiy yodgorlik devorining qulashiga restavratsiya davridagi kamchiliklar va tabiiy holat sabab bo‘libdi, degan xulosaga keldik.
– Ikki devor orasiga tuproqqa qo‘shib sepilgan g‘alla va sholi poyalarini tashish uchun bu yerga kirgan hashoratlar ham g‘ishtlarni yemirib tashlagan, – deydi Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, arxeolog Zebuniso Alimardonova. – Yemirilgan va tagi zaxlagan devor yomg‘ir suvi sizib o‘tishi natijasida o‘zini ko‘tarolmay qulab tushgan. Buni omonatgina saqlanib turgan, tagi sho‘rlikdan yemirilib ketgan devorning hali ag‘nab ketmagan qismini kuzatib bilib olsa bo‘ladi. Restavratsiyaning ham o‘z tartib-taomillari bor. Yog‘ingarchilik va boshqa tabiiy ofatlar hisobga olinib, g‘ishtning chidamliligi muhim o‘rin tutadi.
Ayni paytda devorning bir burchagiga talofat yetgan. Biroq, devorning boshqa taraflari ham qulab tushishi hech gap emas. Agar yana kuchli yog‘ingarchilik bo‘lsa, bu hodisa qayta takrorlanmasligiga hech kim kafolot berolmaydi.
Mazkur hodisa tegishli tartibda o‘rganilmoqda. Sababi yaqin orada ma’lum qilinadi. Eng muhimi endilikda ramziy devor qurilishiga bosh bo‘lgan E. Rtveladze ham, boshqa mutaxassislar ham inshootning qolgan qismini asl holida saqlab qolib, uni kelgusi avlodga yetkazish yo‘llarini izlashi kerak.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA