Vatanimiz tarixidagi 12 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1873 yil (bundan 152 yil oldin) – Gandimyon bog‘ida Xiva xoni Sayid Muhammad Rahim Bahodurxon va Rossiyaning xonlikka bostirib kirgan qo‘shini qo‘mondoni, Turkiston general-gubernatori general-adyutant fon Kaufman tomonidan sulh bitimi imzolandi. Bitim shartlariga ko‘ra xon o‘zining Rossiya imperiyasiga tobe’ligini tan olishga majbur bo‘ldi, boshqa mamlakatlar bilan bevosita munosabatlar o‘rnatmaydigan bo‘ldi hamda rus savdo idoralari va omborxonalari, pristanlari qurish uchun o‘z hududining bir qismini ajratib berish va ularning xavfsizligini ta’minlash majburiyatini oldi. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi yerlarda alohida ma’muriy birlik – Amudaryo bo‘limi tuzilib, Sirdaryo viloyati tarkibiga kiritildi.
1906 yil (bundan 119 yil oldin) – “Taraqqiy” gazetasining shu kungi 17-sonida “Toshkand, 12 avgust” nomli bosh maqola bosildi. Unda, umumiyroq qilib aytganda, insondek yashashni orzu qiluvchi fuqaro bilan hukumat orasidagi munosabatlar haqida so‘z boradi. Vu maqolada yozilgan satrlar fuqarolarni ochikdai-ochiq hurriyat, adolat, yaxshi hayot uchun kurashga chorlaydi. Eng muhimi, mustabid tuzumning naqadar dahshatli voqelik ekanini ochib beradi.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston fronti qo‘mondoni Frunze Buxoro amirligini tugatish maqsadida Samarqand–Buxoro guruhi (fronti)ni tuzish haqida buyruq berdi. Shu tariqa Buxoro amirligi chegaralariga 7000 piyoda, 2500 otliq askar hamda zamonaviy harbiy texnika keltirib qo‘yildi. Amir Olimxon ixtiyorida 15 000 sarboz, 55 ta eski to‘p va 12 ta pulemyot bor edi, xolos. Harbiy kuchlar nisbatiga ko‘ra Turkiston fronti qo‘shinlari zamonaviy qurollarga ega edi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – tarixchi, sharqshunos, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Bo‘riboy Ahmedov tavallud topdi (vafoti 2002 yil). Uning ilmiy faoliyati o‘zbek xalqining etnik tarixi va shakllanishi, manbashunoslik, O‘rta Osiyo xalqlarining X–XIX asrlardagi ijtimoiy-siyosiy tarixi, Temur va temuriylar davri tarixi hamda madaniyati kabi muhim yo‘nalishlarga qaratilgan. U 1997 yilda “Amir Temur”, 1999 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
1927 yil (bundan 98 yil oldin) – Namanganda zilzila ro‘y berdi. Zilzila magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha M-6, zilzila kuchi 12 ballik MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 ball bo‘lgan. Namangan zilzilasi gipotsentri 14 km chuqurlikda, epitsentri esa Farg‘ona shimolidagi fleksura-yorilmasida joylashgan. Zilzila vaqtida ko‘pgina uylar shikastlangan. 8 mingga yaqin bino vayron bo‘lib, 20 ming aholi boshlanasiz qoladi.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – Moskvadagi “Dinamo” stadionida jismoniy madaniyatchilar namoyishi o‘tkazildi. Unda yuzdan ortiq O‘zbekiston sportchilari ham ishtirok etdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ikkinchi jahon urushidan keyingi qayta qurish yillarida O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport ishlari asta-sekin izga tusha boshladi. 1946–1947-o‘quv yilidan boshlab maktablar, bilim yurtlari, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlarida jismoniy tarbiya darslari o‘tkazila boshladi, lekin ularning mazmunida hali ham harbiy-jismoniy mashqlar asosiy o‘rinda turar edi. Chunki yangi dastur ishlab chiqilmagandi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Janubiy Afrika Respublikasi va Portugaliya Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA