O‘zbekistonga dunyo texnologik doirasida yangicha yondashuvlari bilan tanilgan “Libermans Co” xoldingi asoschilari — aka-uka Devid va Daniil Libermanlar amaliy tashrif bilan keldi. Ularning sun’iy intellektual yechimlar, mobil ilovalarni optimallashtirish va global raqamli infratuzilmalarni yaratish borasidagi tajribasi xalqaro miqyosda katta e’tiborga sazovor.
Toshkentda mehmonlar raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan rahbariyati va mamlakatning raqamli ekotizimida faoliyat yuritayotgan qator tuzilmalar bilan uchrashdi. Libermanlar dastlab IT Parkka tashrif buyurib, UZINFOCOM faoliyati, data-markazlar ish jarayonlari va ishlab chiqilayotgan axborot texnologiyalari bilan tanishdi.

Aka-uka Libermanlar tomonidan ishlab chiqilgan “Product Science” platformasi mobil ilovalar ishlashini tezlashtirishda, raqamli infratuzilmalarni barqaror qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Ular yaratib kelayotgan navbatdagi yirik loyiha — sun’iy intellekt uchun yuqori hisoblash quvvatini uyg‘unlashtiruvchi “Gonka” tarmog‘i bo‘lib, u an’anaviy bulutli servislarga nisbatan ancha samarali hisoblanadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi, IT xizmatlar eksporti va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi. 2025 yilda IT xizmatlar eksporti 1 mlrd. dollardan oshishi, 2030 yilda esa 5 mlrd. dollarga yetishi kutilmoqda.
Muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda zamonaviy data-markazlar qurilishi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Libermanlar O‘zbekistonning “Gonka” global hisoblash tarmog‘iga qo‘shilish istiqbollariga katta qiziqish bildirdi. Bu mamlakatning AI sohasidagi o‘rnini kuchaytirib, strategik texnologik hamkorlikni kengaytiradi.
Aka-uka Libermanlar o‘zbek yoshlarining GitHub, open-source loyihalarda ishtirokini kengaytirish, turli mamlakatlar injenerlari bilan hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidladi. Bunday yondashuv nafaqat texnik salohiyatni oshiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro SI tadqiqotlar xaritasidagi mavqeini kuchaytiradi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik konsepsiyasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, 2026 yilda Toshkentda “Decentralized AI” yirik xalqaro tadbirini o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA