English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajrimlarning oldini olish oilalar mustahkamligi garovidir
13:07 / 2025-03-03

Qashqadaryo viloyat sudi hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari ishtirokida oilaviy ajrimlarning oldini olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda nikohdan ajrashish va erta nikoh qurishning oldini olish, shar’iy nikoh asosida oila qurmaslik, oilalardagi notinchlik, oila a’zolarining moddiy ta’minoti yoki birgalikdagi umumiy mol-mulkiga oid nizolarni ko‘rib chiqish hamda hal etishda mahalla fuqarolar yig‘inining roli muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, oilaviy munosabatlar barqarorligi borasida profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, nikohdan ajratishga oid ishlarni ko‘rib chiqishda fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi mas’uliyatini mustahkamlash, sudlarda ko‘rilgan nizoli oilalar haqida “Xavfsiz oila” tamoyili asosida mahalla va boshqa vakolatli organlarga o‘z vaqtida xabar berib borish lozimligi ma’lum qilindi.

Seminar davomida Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. 

Ushbu memorandumdan kelib chiqqan holda jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu memorandum ilovasi sifatida mahallalarda oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilalarni mustahkamlash, sudda nizolashayotgan taraflarni murosaga keltirish, ularning oilaviy nizolari yuzasidan mahalla fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasining asoslantirilgan xulosalarini olish yuzasidan har oyda tuman va shaharlarda o‘tkazilayotgan yarashtiruv tadbirlari grafigi ham tasdiqlab olindi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati sudi tumanlararo sudlari tomonidan 2024 yil odil sudlovni amalga oshirishda oilaviy nizolar tahlili ma’lum qilinib, ularning ro‘yxati shakllantirildi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida ushbu oilalardagi nizolarni vujudga kelish asoslari o‘rganilib, kelgusida boshqa oilalarda shunday nizolarni oldini olishga qaratilgan mezonlar ishlab chiqilishi, barkamol avlodni sog‘lom muhitda tarbiyalashga qaratilgan dasturlarni amaliyotga joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi zarurligi belgilab olindi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri