Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ajrimlarga kattalar “bosh-qosh” bo‘lmoqda”
13:19 / 2022-01-20

“Qushning ini ham buzilmasin”, degan ibora bejiz aytilmagan.

Jamiyatimizdagi illatlarning kelib chiqish omillaridan biri bu ajrimlardir. Birgina, janjalli oilaning muammolarini eshitish, ularni murosaga keltirish albatta, bitta ajrimning oldi olinishi demakdir.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Axror Mansurov boshchiligidagi ishchi guruhi Yangiqo‘rg‘on tumanida ajrim yoqasida turgan 20dan ortiq oila bilan suhbat o‘tkazdi.

Muloqot davomida har bir oila muammolari, ajrimga sabab bo‘layotgan omillar bilan tanishildi. Ta’kidlab o‘tildiki, farzandsizlik, o‘zaro kelishmovchilik, turmushda u yoki bu yetishmovchiliklar ajrimga sabab bo‘lmasligi kerak. Farzandlarni yetim bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Har haftaning chorshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Ahil oila – baxtli jamiyat negizi”  kuni doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda tuman oqsoqollari, otinoyilari, imom-xatiblar ishtirok etdi. O‘tkazilgan muloqotlar natijasida tumandagi mahallalardan birida istiqomat qiluvchi Komilovlar oilasini yarashtirishga erishilib, bir bolaning yetim bo‘lib o‘sishining oldi olindi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tgan 2021 yilda 712 ta oila ajrim yoqasiga kelib qolgan bo‘lsa, ularning 80 foizi yarashtirildi. 2022 yilning dastlabki oyida 23 ta oila vakillari ajralish uchun tegishli idoralar mutasaddilarga murojaat qilgan.

Bu kabi salbiy holatlarni kamaytirish maqsadida mas’ullar xonadonlarda yurib o‘rganishlar olib bordi. Ularning yashash tarzi, bandlik masalasi, oilaviy sharoitlari bilan tanishildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ajrim uchun aytarli sabablar yo‘q.

– Shunday ahil va totuv oilalarni bilamiz, ular kerak bo‘lsa, 10-20 yillab farzand kutgan, – dedi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahror Mansurov. – Ammo bugun janjallashib qolgan yoshlarni yarashtirish o‘rniga, kattalarning o‘zlari ham bu kabi ajrimlarga “bosh-qosh” bo‘lmoqda. Bir oy, ikki oy o‘tib o‘rtadagi sovuqchilik muzga aylanyapti. Biz azal-azaldan oilani muqaddas deb bilgan, urf-odatlar va qadriyatlarni ulug‘lagan xalq vakillarimiz, shu boisdan ham ajrimlarning oldini olishga jiddiy yondashishimiz kerak.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA