Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajrim yoqasidagi oilalar taqdiri muhokama markazida
23:02 / 2026-01-14

Navoiy shahridagi “Chinor” mahalla fuqarolari yig‘inida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan navbatdagi sayyor sud muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi G‘ayrat Yakubov, viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova hamda Navoiy shahar hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nasiba Raximova ishtirok etdi. Mas’ullar har bir oilaning holatini yakka tartibda tahlil qilib, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan zarur tavsiyalar berdi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan muhokamada jami 13 ta oilaning taqdiri ko‘rib chiqildi va har bir oilaning muammosi alohida o‘rganilib, ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. Natijada o‘zaro tushunmovchiliklarni bartaraf etgan 5 ta oila shu joyning o‘zida yarashtirildi. Qolgan oilalarga esa munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish, xatolarini anglash va oilaviy butunlikni saqlab qolish uchun qo‘shimcha muhlat berildi.

– Muhokamada asosiy e’tibor farzandlarning ruhiy holati va kelajagiga qaratildi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova. – Aslida oila buzilishi natijasida eng ko‘p jabr ko‘radigan qatlam bu bolalar bo‘lib, ularning taqdiriga befarq qaramaslik har bir vijdonli insonning burchidir. Ota-onalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab bolalarning ruhiy iztirob chekishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim vazifa.

Tadbir davomida jamiyatning asosi bo‘lgan oila nafaqat ikki insonning ittifoqi, balki kelajak avlod kamol topadigan muqaddas maskan ekanligi alohida ta’kidlanib, oila institutining jamiyatdagi o‘rni, o‘zaro hurmat, sabr-toqat va mas’uliyatning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida malakali psixologlar tomonidan oila vakillariga amaliy maslahatlar berilgan bo‘lsa, sudya va soha mutaxassislari esa huquqiy tushuntirishlar berdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri