Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajrim yoqasidagi 18 ta oila yarashtirildi
16:31 / 2022-06-02

Andijon shahrida “Farovon oila sari” shiori ostida oilaviy ajrimlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Andijon shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi, shahar moliya, FHDYO bo‘limlari mutasaddilari, mahallalarning faol ayollari, imom va otinoyilar, boy hayotiy tajribaga ega onaxonlar, shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar vakillari ishtirok etdi. 

– Shaharda oilaviy ajrimlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ortgan, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘jonova. – Bu mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarurligini taqozo etadi. Unutmasligimiz kerakki, oila tinch bo‘lsa, mahalla, butun jamiyat, yurtimiz tinch bo‘ladi. Odamlar baxtli va farovon hayot kechiradi. Taklif etilgan nizoli oilalar vakillari bilan suhbat jarayonida asosan er-xotin, qaynona-kelin, qudalar yoki kelin-kuyovning yaqinlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, er-xotinning uzoq vaqt birga yashamayotganlik sabablari aniqlandi. Shuningdek, turmush o‘rtog‘ining ichkilikka berilganligi oqibatida, oilani boshqarish, farzand tarbiyasidagi mas’uliyatsizlik ma’lum bo‘ldi. 

Tadbirda oilaviy ajrim va nizolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Kelgusida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, ajrimlarning oldini olishda mutasaddi idoralar, mahalla faollari hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. 

Tadbir davomida ajrim yoqasida turgan 18 ta oila yarashtirildi, bir nechta nizoli oilalar vakillariga psixologik yordam ko‘rsatildi, zarur tavsiya va maslahatlar berildi. Yakunda haftaning har jumasi Andijon shahrida “Oilaviy nizolarni bartaraf etish va ajrimlarning oldini olish kuni” deb e’lon qilindi. Bu borada reja asosida tizimli ishlarni amalga oshirish belgilandi. 

[gallery-7407]

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA