Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajratilgan subsidiya uy olishga yetadimi?
14:47 / 2024-02-12

Yaqingacha fuqarolarimiz uchun uy-joy olish katta muammo edi. So‘nggi 7 yilda nafaqat arzon uy-joylar qurildi, balki davlatning moliyaviy ko‘magi hisoblangan subsidiya tizimining joriy qilinishi natijasida ming-minglab oilalarning hayoti butkul o‘zgardi.

Endi bu tamoyil yanada soddalashtirilib, yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. – Menga ham uy olish uchun subsidiya ajratilganida juda xursand bo‘lgan edim. Nihoyat, 10 yillik orzuyim ushaladigan bo‘ldi deb quvonchim ichimga sig‘magan edi, – deydi toshkentlik Dilshod G‘ulomov. – Biroq oradan ikki oy o‘tsa hamki, ajratiladigan summaga mos uy topa olmayapman. Borlari esa juda qimmat narxda. Ayni paytda taklif etilayotgan uylarning narxi bilan solishtirib ko‘rganimda, tijorat bankidan ipoteka kreditiga sotilayotgan uylar nisbatan arzonga tusharkan. 

2023 yilning 1 may sanasidan boshlab, ipoteka asosida uy-joy olishda subsidiya berishning yangi tizimi joriy qilingan edi. Xususan, avvallari subsidiya olishga ariza 1 yilda bir marta berilgan bo‘lsa, endilikda har 4 oyda ariza topshirish imkoniyati yaratilgan. Xo‘sh, yangi tartib bo‘yicha joriy yilning birinchi mavsumida ya’ni 4 oyda qabul qilingan arizalar, jami ajratilgan subsidiyalar miqdori qanchani tashkil etdi? O‘tgan 4 oy davomida 249 ming 188 nafar fuqarodan ariza qabul qilingan, – deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Nig‘matov. – Saralash jarayonlariga ko‘ra, 29 ming 485 nafar fuqaroga ijobiy subsidiya xabarnomalari taqdim etildi. Bugungi kun holatiga ko‘ra, mazkur ijobiy xabarnoma olgan fuqarolarning 10 ming 507 nafari o‘z uy-joylariga ega bo‘ldi. Ularga subsidiya xabarnomalari bo‘yicha jami 337 milliard so‘m subsidiya to‘lab berildi. 

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, 2022 yilda 17 ming 293 nafar fuqaroga 514 milliard 500 million so‘mlik uy-joyga subsidiya to‘lab berilgan bo‘lsa, 2023-2024 yilda 30 ming nafar fuqaroga 1 trillion 123 milliard 200 million so‘m to‘lab berish prognoz qilinmoqda. Bu 2022 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p. – Fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqishda, ularni ijtimoiy mezonlar asosida baholash tartibi mavjud, – deydi Akbar Nig‘matov. – Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi tegishli qaroriga asosan, daromad chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 7 million 840 so‘mni tashkil etadigan bo‘lsa, Toshkent shahrida 9 million 16 ming so‘mgacha deb belgilangan. Ushbu kategoriyaga ilingan fuqarolar daromadi yuqori bo‘lmagan o‘rta daromadli aholi sifatida qabul qilinadi va subsidiya ajratishga muvofiq deb topiladi. Shuni ham aytish joizki, ko‘rsatilgan normadan oylik maoshingiz yuqori yoki kam bo‘lsa, arizangiz rad etiladi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 34-bandiga ko‘ra, quyidagi hollarda ariza beruvchiga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratilishi rad etilishi mumkin.

Ya’ni, taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda, taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda, ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiya olgan (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) oila a’zolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda ariza rad etiladi. Yana bir ma’lumot, agar talabgor ipoteka shartnomasi bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini, ya’ni to‘lovlarni surunkali ravishda bajarmasligi oqibatida ipoteka shartnomasi bekor qilinsa, shartnoma bo‘yicha undiriladigan mablag‘lar, shu jumladan, ajratilgan subsidiyalar garovdagi uy-joy sotilishidan to‘liq ravishda qaytariladi. 

Subsidiyaga ariza qabul qilishning ikkinchi mavsumiga 2023 yil 3 oktyabrdan start berilgan. Unga muvofiq, bir kunda 29 mingdan ortiq fuqarolardan ariza tushgan. Umumiy hisobda oladigan bo‘lsak, 14 ming 660 ta subsidiya xabarnomasi ajratilishi nazarda tutilgan. Yil yakunigacha yana 30 ming fuqaro hayotida yangi sahifa ochiladi. Ilgari fuqarolar tomonidan subsidiyaga ariza topshirilganda ko‘pincha uy hali bitmagan bo‘lar edi yoki pudrat tashkiloti bilan kelishuvga kelinmasdi.

Natijada, subsidiyaning muddati o‘tib ketar edi. Bu esa boshqa uy-joyi bitgan, shartnoma qilgan fuqarolarning subsidiya olishini cheklab qo‘yayotgan edi. Endilikda subsidiya xabarnomasini olgan fuqaroning pudratchi bilan tuzgan muddati kechiksa, subsidiya xabarnomasi 4 oyda kuyib ketadi. Biroq fuqarolar bir necha bor ariza topshirish imkoniga ega bo‘ladi. Ilgari subsidiyaga ariza topshirish bir yilda ikki marotaba bo‘lgan bo‘lsa, endi bu cheklanmagan miqdorga o‘zgartirildi. Ya’ni, endi fuqarolarning xabarnomasi kuyib ketadigan bo‘lsa, bundan xavotir olmasligi kerak. Uy bitgunga qadar subsidiyaga ariza topshirib, xabarnomani ko‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi davlat byudjetidan subsidiya ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lardan samarali foydalanish va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilashdir. To‘g‘ri, davlatimiz tomonidan berilayotgan bu imtiyozdan foydalanayotganlar talaygina. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor.

Aksariyat subsidiya ajratilgan yurtdoshlarimiz, subsidiyaga sotiladigan yoki ajratilgan mablag‘ uy olishga yetmayotganini aytadi. Misol uchun, poytaxtlik B.K. 480 million so‘m subsidiya ajratilganini, ammo bu mablag‘ga uy topolmayotganini bildirdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida Sergeli tumanidagi “Prom-stroy” qurilish firmasi tomonidan qurilgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasida bo‘lib, bu yerda 3 xonali uylarga narx belgilashda mas’ullar subsidiya olgan fuqarolar ustidan ochiqchasiga "kulganiga" guvoh bo‘ldik. Ya’ni subsidiya asosida sotiladigan uylarning eng kichik hajmdagisi 53 kvadrat metr etib belgilangan. Uylarning har kvadrat metri 13 million so‘mdan narxlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uyning umumiy bahosi 702 milliard so‘mdan oshadi. Uylar “korobka” holida topshirilar ekan. Bu, uyni ta’mirlash uchun yana 300 million so‘mga yaqin mablag‘ kerak deganidir. 

Keyingi manzil poytaxtimizning Shayxontohur tumanida “Ibn Sino stroy” tomonidan qurilgan ko‘p qavatli uy bo‘ldi. Ushbu yangi qurilgan uy 2023 yil topshirilgan. 2 xona 50 metr kvadratdan iborat bo‘lib, narxi 789 388 800 so‘mni tashkil etar ekan.

Toshkent shahridagi ko‘plab qurilish firmalaridagi uy-joylar narxini surishtirar ekanmiz, uylarning har kvadrat metri 13 million va undan yuqori so‘mdan narxlanganiga guvoh bo‘ldik. U ham bo‘lsa, “korobka” holida topshirilar ekan. Aslida ehtiyojmand, uy-joyga muhtoj kishi maksimal summa (490 million)da subsidiya olgan taqdirda ham yana 300-400 million so‘mdan ortiq qo‘shimcha mablag‘ qo‘sha olishiga imkoniyati yetarmikin? Shu miqdorda mablag‘i bor bo‘lgan mijoz ikkilamchi bozordan ham o‘ziga ma’qul uyni sotib olmasmidi? Yana bir qiziq tomoni borki, negadir ko‘plab qurilish firmalari aholiga subsidiya asosida uy-joy sotishni istamaydi. Ismini sir tutishni so‘ragan qurilish firmasi rahbarining aytishicha, subsidiya asosida aholiga uy-joy sotilganida, firmadan 50-60 milliondan ortiq soliq ushlab qolinadi. Bundan tashqari davlat tomonidan ajratilgan subsidiya firmaga tushgunicha vaqt cho‘zilib ketar, shu sababli qurilish firmalar ipoteka, subsidiyaga uy-joy sotishni istamas ekan. Aslida, ushbu tizim aholining ehtiyojmand qismini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan emasmi? Ammo ko‘rib turganingizdek, maqsad muddaoga xizmat qilmayotgandek...

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi turmush farovonligini oshirish, inson qadrini ulug‘lashdek ezgu maqsad mujassam ekan, bu borada mavjud muammolarni zudlik bilan hal etish, subsidiya ajratilgan fuqarolarga hech qanday to‘siqlarsiz, qiyinchiliklarsiz uy-joy sotib olish imkoniyatini yaratish zarur. 

Gohida poytaxtlik yurtdoshlarimiz bitta uyda ikki, uch oila tiqilib yashatganini, ipoteka kreditiga uy-joy olmoqchi boʻlsa, kredit foizi baland ekanligidan nolishadi. Bu fikrlar qanchalik asosli?

Ayrim tijorat banklari oʻz resurslari hisobidan bozor narxlarida ipoteka kreditlari ajratmoqda. Ularning shartlari va foizlari bilan tanishdik. 

Xususan, “Milliy bank” ipoteka kreditlari muddati – 120 oy, kredit foiz stavkasi, boshlangʻich badal 25 foiz boʻlsa – 24 foiz. Agar boshlangʻich badal 30 foiz boʻlsa – 23 foiz va boshlangʻich badal 40 foiz boʻlsa – 21 foizni tashkil etmoqda.

"Hamkorbank«da esa ipoteka kredit muddati – 10-yilgacha. Boshlangʻich badali – 26 foiz, kredit foiz stavkasi – 24 foizdan iborat ekan. 
"Infinbank«da muddati – 120 oy, boshlangʻich badali 26 foizdan 50 foizgacha boʻlganda. Boshlangʻich badal 51 foizga teng va undan yuqori boʻlsa – 180 oy. Kredit foiz stavkasi – 22,99 foiz. 

“Kapitalbank” muddati – 10-yilgacha, kredit foiz stavkasi boshlangʻich badal kamida 51foiz boʻlsa – 24 foiz. Boshlangʻich badal kamida 26 foiz boʻlsa – 26 foizni tashkil etadi.

Bu tahlillardan koʻrinib turibdiki, uy-joy olish uchun kredit foizlari juda yuqori. Misol uchun, toshkentlik fuqaro ikki yoki uch xonali uy olishi uchun hisob kitoblarga koʻra oyiga 8 milliongacha kredit toʻlashiga toʻgʻri keladi. Oddiy davlat tashkilotida ishlaydigan oʻrtacha 5-6 million soʻm maosh oladigan fuqarolar qanday qilib kredit toʻlay oladi?

Fikrimiz isboti: Toshkentlik Bahodirning 3 nafar farzandi bor. Oʻzi davlat tashkilotida ishlab, 5 million soʻm maosh oladi. Turmush oʻrtogʻi esa uy bekasi. Farzandlari voyaga yetmagan. U bilan suhbatlashganimizda, yetti yil mobaynida farzandlaridan orttirib zoʻrgʻa 50 million soʻm jamgʻarganini aytdi. Bu pul yangi uylarning boshlangʻich badalini toʻlash uchun ham yetmaydi. Agar yetgan taqdirda ham uyning oylik toʻloviga toʻlashga mablagʻi yetmasligini aytdi. Bu kabi misollarni uzoq davom ettirish mumkin...

Davlatimiz rahbari aholini uyli-joyli qilish masalasini davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Bu borada qator hujjatlar imzolab, milliardlab mablagʻlar ajratmoqda. Ammo nega bu uylar qurilmayapti? Bu uylarni qurishga nima xalaqit bermoqda? 

Misol uchun, Prezidentimizning 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq 2021-yilda Toshkent shahrida 7 mingta uy-joy qurilishi belgilangan edi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining bergan maʼlumotiga koʻra, bu uylar qurilmagan. Sababini soʻraganimizda, bunga joʻyali javob qaytarilmadi. Yana bir misol, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi “Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash hamda Toshkent shahrida boshpanasiz, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarning yashash sharoitini yaxshilash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda Toshkent shahrida boshpanasiz, sharoiti ogʻir ayollarga uy-joy ajratish koʻzda tutilgan.

Biroq, Toshkent shahar hokimligining bergan maʼlumotiga koʻra, bunday uylar qurilmagan. Hujjat ijrosi tashkilotlar oʻrtasida sansalor boʻlib turganini maʼlum qildi.

Xulosa qilib aytganda, mutasaddi rahbarlar aholi murojaatlarini hal etish oʻrniga hamon “Otanga bor, onaga bor” qabilida ish tutishmoqda. Mana shu illat yoʻqolsagina, muammolar joyida hal boʻlardi. Misol uchun, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi uy-joylarning vaqtida, sifatli qurilishini nazoratga olsa, Markaziy bank ipoteka kreditlarining foiz stavkasini pasaytirishni koʻrib chiqsagina, muhtoj aholi ham uyli boʻlardi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA