Mamlakatimizda suv ta’minoti og‘ir hududlarda artezian quduqlarini burg‘ulab, ishga tushirgan fuqarolarga davlat byudjeti hisobidan subsidiya mablag‘lari ajratib berilmoqda.
Bunda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 oktyabrdagi “Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish, suv ta’minoti og‘ir hududlarda artezian quduqlar qazish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun tejamkor suv tizimlari o‘rnatishda faol ishtirok etmoqda.
– Bu va boshqa tegishli hujjatlarga ko‘ra, “Agrosubsidiya” axborot tizimidagi kichik va katta hajmdagi quduqlarni burg‘ulash uchun subsidiyaga ariza yuborish xizmatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, – deydi Jamg‘armaning Lizing faoliyatini amalga oshirish va subsidiya ajratish bo‘limi yetakchi mutaxassisi F. Hamrayev. – Jumladan, tuman ishchi guruhi tarkibi yangilandi, arizaga biriktiriladigan hujjatlar tarkibi o‘zgardi va arizani ko‘rib chiqish tartibi normativ hujjatlarga muvofiqlashtirildi.
Ayni vaqtda subsidiya mablag‘i quyidagi tartibda shakllantirilmoqda. Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerini sug‘orish uchun chuqurligi 10 metrdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 5 metrdan ortiq bo‘lgan kichik hajmdagi har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning birinchi metridan boshlab 100 foizini, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan (15 million so‘mdan) oshmagan miqdorda.
Shuningdek, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun katta hajmdagi vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foizini, biroq 150 million so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab berish belgilangan.
Ta’kidlash joizki, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi joriy yilning yanvar-mart oylarida 100 nafar talabgorga 8 milliard 478 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratib berildi. Natijada suv ta’minoti og‘ir hududlardagi 3 mingdan ortiq tomorqa yer egalariga tegishli 2 ming 617 gektar ekin yer maydonlarini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlashga erishildi. Bu esa ko‘plab aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar qishloq xo‘jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish, bir yilda kamida ikki marotaba hosil yetishtirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirish hamda quduqlar qazishdagi ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zA