Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajrashish arafasidagi 16 oila yarashtirildi
16:35 / 2021-08-12

Andijon viloyati Izboskan tumanida oilalarni mustahkamlash, notinch oilalardagi muammo va nizolarni bartaraf etish, ajrimlarning oldini olish, ajrashish ostonasida turgan oilalarni yarashtirish masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabul o‘tkazildi.

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat shu qadar farovon va barqaror bo‘ladi. Oilaning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish, xalqimizning oila bilan bog‘liq qadriyatlarini mazmunan boyitish, oilalarni yanada mustahkamlash maqsadida Andijon viloyati hokimi farmoyishi bilan joriy yilning 1 avgustidan 1 sentyabrigacha viloyatda “Oilalarni mustahkamlash oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.  

Izboskan tumani hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar hamda Majburiy ijro byurosi boshqarmalari mutasaddilari, tuman bosh imomi, otinoyisi ishtirokida “Farzandni ota-ona mehridan mahrum etmang!” shiori ostida o‘tkazilgan sayyor qabul ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.  

Sayyor qabulda oila, onalar va bolalar davlatimiz himoyasida ekanligi, shu bilan birga, oila manfaatlarini himoya qilish, bugungi kunda oilalarni qiynayotgan muammo va nizolarni bartaraf etish, ayniqsa, ajrimlarning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.  

– Tumanimizning 241 ming nafardan ziyod aholisi 60 mingdan ortiq oila tarkibida istiqomat qiladi, – deydi tuman Mahalla va oila bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Saidaxon Abdusalomova. – Ularning 30 foizini yosh oilalar tashkil etadi. “Oilalarni mustahkamlash oyligi” doirasida nizoli yosh oilalarni mustahkamlash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.  

Sayyor qabulda ajrashish arafasida turgan 21 ta oila vakillari ishtirok etdi. Shundan 16 ta oila yarashtirildi.  

– Turli muammolar tufayli oilamiz notinch edi, – deydi Jahonobod mahallasida yashovchi O.Siddiqova. – Sayyor qabulda oilamizni mustahkamlash bo‘yicha maslahatlar berildi, xato va kamchiliklarimizni tushundik. Turmush o‘rtog‘im bilan ahil yashashga, farzandlarimizni birga tarbiyalashga kelishib oldik.  

Sayyor qabulda 4 ta oilaga yarashish uchun ma’lum muddat berildi, bitta oilaning kelishmovchiligini ko‘rib chiqish fuqarolik sudiga havola qilindi. 

[gallery-3379] 

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA