Navoiy viloyati Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘onida “Biz oilaviy ajrimlarga qarshimiz” shiori ostida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
15 ta mahallaning ajrim yoqasida turgan yosh oilalari uchun tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyorova, Navoiy viloyat sudi sudyasi Gulnafis Xudoyberdiyeva va tuman sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etib, 25 ta oiladan 7 nafarini yarashtirishga erishildi.

Navoiy viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf qilish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar yo‘l xaritasida oilaviy ajrimlar masalasiga sudlar tomonidan alohida e’tibor qaratilib, ularni yarashtirish va muammolarini hal etish choralarini ko‘rib borish belgilangan.

– Viloyat sudining ish rejalariga muvofiq, nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar har chorakda o‘rganilib, umumlashtiriladi va muhokamasi Navoiy viloyat sudining rayosat majlisida ko‘rib chiqiladi, – deydi Navoiy viloyat sudi sudyasi G.Xudayberdiyeva. – Tahlillarga ko‘ra, joriy yil 6 oyida sudlar tomonidan jami 912 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar ko‘rilgan bo‘lib, shundan 482 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan, 220 tasi rad etilgan, 94 tasi ish yurituvdan tugatilgan, 116 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Navoiy viloyat sudining rayosat qaroriga muvofiq, nikohdan sud tartibda ajratish holatlarining oldini olish maqsadida tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, mahalla faollarini er-xotinning yarashtirish masalasidagi sud jarayonlariga ishtirokini ta’minlash belgilab qo‘yildi.
Sudyalar, oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan birgalikda oilaviy nizolari bor, notinch oilalar mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlarida ochiq muloqot va uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Unda sudyalar notinch oila a’zolari bilan alohida suhbatlashmoqda va nikohdan ajratishning salbiy oqibatlari tushuntirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA