Hududi anchayin bepoyon, ammo aholisi siyrak joylashgan, sirli cho‘llari bilan mashhur Mo‘g‘ulistonni ko‘pchilik ko‘chmanchilar yurti sifatida tasavvur qilishi mumkin. Darvoqe, ushbu mamlakatda osmonga bo‘y cho‘zgan binolar yonida o‘tovlarni, zamonaviy, hashamatli avto ulov cho‘lda toshga aylangan dinozavr tuxumi yonidan o‘tib ketayotganini ko‘rish hech gap emas.
Ulan-Bator dunyodagi eng sovuq poytaxt(mi?)

Juda sovuq qish va o‘ta issiq yoz – Mo‘g‘ulistonning o‘ziga xos xususiyati. Eng past va eng yuqori harorat, odatda, rang-barang qumli Gobi cho‘lida qayd etiladi. Poytaxtda esa qishda -40 darajadan ham past, yozda +40 dan yuqori harorat hukmron. Dunyo poytaxtlari orasida Ulan-Bator sovuq havosi bilan Xelsinkidan ham oldin – 1-o‘rinda turadi. “Eng issiq” shahar nomiga ham jazirama Afrikadagi poytaxtlar qatori da’vogar.
Mo‘g‘ullar vegetarianlarni tushunmaydi, baliqni yoqtirmaydi

Mo‘g‘uliston go‘shtxo‘rlar uchun ideal mamlakat. Mazkur o‘lkada, hatto, choyga chuchvara qo‘shishsa hayron bo‘lmang – mo‘g‘ullarning bu asosiy taomi “banshtai sai” deb ataladi.
Go‘shtning eng ko‘p tarqalgan turlari – qo‘zichoq, echki va mol go‘shti. Mo‘g‘ullar sut mahsulotlarini ham yaxshi ko‘radi, ularning eng noodatiy sutli taomi – quritilgan tvorog. Taomnomada ko‘kat va sabzavot ham doimiy. Binobarin, sabzavot kamdan-kam holda xom iste’mol qilinadi, asosan qaynatiladi yoki qovuriladi.
Qadimda mo‘g‘ullar baliq yemagan, chunki suvdagt jonivorlarni muqaddas sanashgan. Hozir ham baliq iste’mol qilish an’anaga aylanmagan, garchi mamlakatdagi ko‘llarda ko‘p ovlanma-da. Shahar restoranlarida baliq sayyohlar uchun maxsus pishiriladi va ko‘pincha oylar davomida saqlanadi. Mo‘g‘ulistonda vegetarian taomnoma kam uchraydi. Bu xalq ayni turdagi parhezni ruhiy kasallikka mengzashadi.
Ko‘chmanchilar ko‘p

Mo‘g‘ulistonda uchta yirik shahar bor, aholining 45 foizi poytaxtda yashaydi, 30 foizi o‘zini ko‘chmanchi, deb hisoblaydi va ma’lum bir yashash joyiga bog‘lanmagan, qolganlar kichik shaharlar yoki qishloq aholisi. Mamlakatda aholi zichligi dunyodagi eng past ko‘rsatkich – har kvadrat/kilometrga 1,75 kishi.
Dinozavr tuxumi va qadimgi quyon

Tadqiqotchilar butun mamlakat bo‘ylab qadimgi hayvonlar, jumladan dinozavrlar qoldig‘ini topishgan. Umuman, Mo‘g‘uliston mehmonlari uchun ham qadimiy artefaktlarni topish yoqimli mashg‘ulot bo‘lishi mumkin, ko‘pchilik bu borada muvaffaqiyatga erishadi. Qazishma ishlari, asosan, Gobi cho‘lida olib boriladi. Tabiiyki, topilmani mamlakatdan olib chiqish taqiqlangan.
Aytishlaricha, Mo‘g‘ulistonda dinozavrlardan tashqari yoshi 55 million yilga teng quyon suyagi topilgan.
Mo‘g‘uliston noyob manzil tizimidan foydalanadi

An’anaviy manzillar Mo‘g‘uliston uchun xos emas, chunki ko‘chmanchilar shaharlar va ko‘chalar shaklini doimiy ravishda o‘zgartirib turadi. Axir, ular faqat dashtda yashamaydi-da: ko‘chma uyni qishloq yoki shaharda, masalan osmon o‘par bino yonida ham joylashtiraveradi. Shuning uchun yagona universal tizim joriy etildi – harf va raqamning bir turi. Ob’ekt qanchalik kichik bo‘lsa, manzil nomi shuncha uzun. Yodgorliklarning ham manzili bor: Ulan-Batordagi Suxe-Bator maydoni markazidagi yodgorlik koordinatasi – RW8SK QZKSL. Ushbu tizim navigatsiya uchun ham juda qulay.
2016 yil Mo‘g‘uliston hududni kvadratlarga ajratuvchi va har bir kvadratga uch so‘zdan iborat nom beradigan inglizcha “What3words” ilovasi ma’lumotidan foydalana boshladi. Afsuski, bu tizim hali sust ishlayapti, chunki ayni tashabbusni qo‘llab-quvvatlash hammadayam mavjud bo‘lmagan smartfonni talab qiladi.
Ot qabristoni – alohida ta’sirli majmua

Mo‘g‘ullarning otga nisbatan o‘ziga xos munosabati, ta’bir joiz bo‘lsa, chuqur hurmati yaratilgan majmualarda namoyon bo‘ladi. Masalan, ulkan yodgorliklari mavjud ot qabristoni – cheksiz dasht o‘rtasidagi ta’sirchan manzara sayyohlarni doimo o‘ziga jalb etadi.
Chavandozga qo‘yilgan eng baland haykal ham shu yerda.

Mamlakatdagi eng muhim, diqqatga sazovor bu ob’ekt Chingizxonning 40 metrlik haykali. Tepasida kuzatish maydoni va ichida muzey bor. Ko‘rgazmalar orasida ulkan gutul mo‘g‘ul etiklari bor. Poyabzal 22 bosh sigir terisidan tikilgan.
Ba’zila bu joyni Chingizxon qabri deyishadi, ammo buday emas. Bu afsonaviy hoqon qayerga ko‘milganini hech kim bilmaydi. Uning dafn marosimida qatnashganlarning bari sir oshkor bo‘lmasligi uchun o‘ldirilgan, ayrimlar o‘z joniga qasd qilgan, mazmunidagi afsonalar yuradi.

Gigant qizil chuvalchang
Gobi cho‘lida yashaydigan ulkan qizil qurtlar haqidagi afsona hamon sayyohlarni qiziqtiradi: bo‘yi yarim metr keladigan qurtlar, go‘yo, yer tubida yashaydi, to‘satdan paydo bo‘ladi, qurbonini masofadan turib zaharlaydi va o‘ldiradi.
Bunday hikoya mutlaq ertakdek tuyuladi, lekin chex olimi ayni mavzuda bir qator ilmiy-ommabop dasturlar suratga oldi. U batafsil tasvirlab berarkan, shunday qurtlar haqiqatan mavjudligini isbotlashga harakat qildi. Binobarin, mazkur yirtqich zararkunanda suratini hech kim ko‘rmagan.
Yana bir rivoyatga ko‘ra, 1954 yil qurtlarni qidirish uchun Amerikadan borgan butun boshli tadqiqot guruhining sirli o‘limida shu sirli mavjudot ayblanadi.
Mo‘g‘ullar mehmondo‘st xalq

Mo‘g‘ullar mehmonga juda yaxshi, chin yurakdan munosabat bildiradi. Charchagan bo‘lsa ham, sayyohlarni mamnuniyat bilan taklif qilishadi. Sizga o‘zlari haqida gapirib berishadi.
Ayni takalluf har doim ham shaxsiy fazilat bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Ya’ni, ko‘pincha mehmon uyga foyda va baxt keltiradi, degan ishonch bor ularda: yil davomida uyga qancha ko‘p mehmon kelsa, uy shuncha obod bo‘larkan.
Yo‘llarning 80 foizi asfaltlanmagan

Mamlakat yo‘llari haqidagi mashhur ibora paydo bo‘lgan: Mo‘g‘ulistonda yo‘l yo‘q, faqat yo‘nalish bor. Bu fikrda jon bor. Asfaltlangan avtomobil yo‘llari juda kam, faqat yirik shaharlarda va yaqin atrofda.
Boshqa barcha yo‘llar kichik va katta dasht, tuproq yo‘llari. Ko‘chmanchilar doim yangi yo‘llar ochishadi. Manzillarni mahalliy aholi yordamisiz topish qiyin.
Gobi cho‘lidagi ohangli qum

Ishoning, Gobi Xongor Els cho‘lining ajoyib rangli qumi “qo‘shiq ayta oladi”. Shamol balandligi 100-300 metr keladigan qumtepalar bo‘ylab sirg‘alib, karnay, nog‘ora tovushini hosil qiladi.
Qum donalari haqiqiy orkestr ijrosini yuzaga keltiradi. Tajribali sayyohlar ta’kidlashicha, quyosh botganda, tabiat ovozli, g‘ayri oddiy ranglar yaratganda qumtepalarni tinglash kerak.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA