Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajdodlaru avlod tili – ona tilim, buyuk o‘zligimga guvoh – dono tilim
18:58 / 2024-10-21

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili – xalqimiz uchun ajdodlarimizning asl kalomi, avlodlarga qoldirilgan boqiy ma’naviy meros, milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsolidir.

Mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin tutgan bu buyuk qadriyatni asrlar to‘foni to‘zg‘ita olmadi, quzg‘unlar hujumi yenga olmadi. Qadim o‘zligimizning jonli guvohi bo‘lgan metin tilimiz davrlar osha ona allasi bo‘lib millat beshiklari uzra yangrayverdi, yor-yor sadolari bilan xalqqa baxt ulashaverdi.  

Tarix haqiqati shuni ko‘rsatadiki, tomirida milliy g‘urur, Vatan ishqi jo‘sh urgan insongina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Insonning o‘z ona tiliga mehri – Vatani, millati, o‘zligiga muhabbatidan unib-o‘sadi. Ma’rifatparvar adib, jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti til va adabiyotdur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” deya ta’kidlagan. Darhaqiqat, til – millat ruhi, g‘ururi va nomusidir. Xalqning o‘z ona tiliga e’tibori milliy o‘zligiga sadoqatini ko‘rsatadi.  

Barchamizga ma’lumki, bundan 35 yil muqaddam mamlakatimiz mustaqillikka erishish yo‘lida eng dadil va eng sharafli qadamni qo‘ydi, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu esa yurt hayotidagi yuksak voqelik sifatida tarixga muhrlandi.  

O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimizning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi muhim odim sifatida e’tirof etiladi. Tarixan ma’lumki, o‘zbek tili – turkiy tillar oilasiga mansub, boy adabiy xazinasi bilan dunyo olimlarini o‘ziga mahliyo etib kelayotgan yirik tillardan biridir. O‘zbek tili tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, dardu-armonlari va zafarlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bizning ajdodlarimiz aynan shu til orqali jahon ilm-fani tamadduniga munosib hissa qo‘shgan. Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ushbu tilning ilmiy, badiiy va adabiy imkoniyatlari nechog‘lik keng ekanini inkor etib bo‘lmas dalillar bilan ifoda etgan.  

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar qatorida ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimizning yuksak siyosiy irodasi va xalqparvarligi, davlat tiliga bo‘lgan yuksak hurmati tilimiz qadrini nafaqat mamlakatda, balki jahon miqyosida ham yuqori pog‘onalarga olib chiqdi.

Yaqin davr ichida ko‘plab idoraviy hujjatlar davlat tiliga o‘tkazildi, 100 mingdan ortiq geografik ob’ektning nomi davlat reyestriga kiritildi, hududlardagi 150 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirildi.

Atamalar komissiyasi faoliyati tubdan takomillashtirilib, yangi paydo bo‘layotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish masalasi aniq ilmiy mezonlar asosida tizimli yo‘lga qo‘yildi. Amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi tegishli hujjatlarning davlat tili talablariga mos va uslubiy jihatdan puxta tayyorlanishiga xizmat qilmoqda.  

Shuningdek, rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning o‘zbek tili bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi joriy etilib, qisqa vaqt ichida 3 mingdan ziyod talabgorning qariyb 1 ming 500 nafariga davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikatlar berildi.  

Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha o‘rganishni ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 58 nomdagi qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘p ming nusxalarda chop etildi.  

E’tirof etish joizki, o‘zbek tilining istiqboli, tom ma’nodagi barhayotligi yosh avlod qalbiga ona tiliga muhabbat, milliy g‘urur tuyg‘ularini singdirish vazifalarini ado etishda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Bu borada Farg‘ona davlat universiteti ham nafaqat tilimiz fidoyilarini kamolga yetkazish, balki har bir yoshni o‘z ona tiliga sadoqatli etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratgan. Yaqinda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va ushbu nufuzli xalqaro anjumanni yuqori darajada o‘tkazishga munosib hozirlik ko‘rish vazifalari doirasida Ozarbayjon Respublikasining “Odlar Yurdu” universitetida bo‘lib qaytgan Farg‘ona davlat universiteti delegatsiyasi hamkorlikda mazkur oliygohda xalqaro doirada katta tadbir tashkil etdi.

Yurtimizning buyuk tarixi, betakror tili, dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlari, qomusiy allomalari, boy madaniy merosi, nafis san’ati, xalqimizning milliy qadriyatlari, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bemisl o‘zgarishlarni namoyon qiluvchi “O‘zbekiston Respublikasi tarixi va madaniyatiga sayohat” deb nomlangan ushbu tadbirda FarDU vakillari notiqlik san’ati, she’riyat, maqom sehri, milliy kuy-qo‘shiqlar ohangi bilan o‘zbek tilining go‘zal imkoniyatlarini ozarbayjon xalqi misolida butun dunyoga namoyon qildilar.  

Davlat tilini keng targ‘ib qilish va rivojlantirish maqsadida universitet miqyosida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida ko‘plab ma’rifiy tadbirlar tashkillashtirilib, ona tilimizning qadim boy tarixi, davlat tilining bugungi kuni va istiqboli to‘g‘risida chuqur fikr-mulohazalar, ilmiy tahlillar olib borildiki, unda ishtirok etgan talaba-yoshlar o‘z so‘zlashayotgan tilining qudratini qalban his etdilar. Bu boradagi yoshlar bilan olib borayotgan targ‘ibot ishlarimiz hali davom etadi. Chunki oliygoh jamoasining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari orasida tiliga, millatiga, ulg‘ayayotgan zaminiga mehri-muhabbati bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash vazifasi ustuvordir.  

Xulosa qilib aytganda, tilsiz xalq va xalqsiz til bo‘lmagan. Xalq tilning tillo beshigida balog‘atga yetadi, til esa o‘z sohibi bo‘lmish xalqning qalbidan kuch oladi, uning ardog‘ida o‘zligini topadi. Til xalq birligining, xalq esa til barhayotligining ifodasidir. Shunday ekan, o‘zbek millatining ma’naviy boyligi – ona tilini yuksaltirish, milliy qadriyat sifatida e’zozlash, uni xalqaro darajaga ko‘tarish barchamizning Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor

O‘zA