Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajdodlarimizning benazir merosi ilmiy asosda chuqur tadqiq etilmoqda
14:17 / 2021-01-11

So‘nggi yillarda mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan qadimgi yozma manbalarni o‘rganish masalasi tez-tez urg‘ulanadigan mavzuga aylandi.

Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ajdodlarimizning ulkan ma’naviy, ilmiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar belgilab berildi.

Shuningdek, 2020 yil yakunlari va yangi 2021 yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy, buyuk alloma Bahovuddin Naqshband kabi ajdodlarimizning ijodini chuqur o‘rganish yana bir bor kun tartibiga qo‘yildi. Zero, ularning islom madaniyati rivojidagi beqiyos hissasi, benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, allomalarning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilish dolzarb masaladir.

Markaziy Osiyoda o‘zining ilmiy salohiyati va raqobatbardosh kadrlari bilan peshqadam oliygohlardan biri hisoblanuvchi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bu boradagi amaliy ishlar yanada jadallashmoqda. Hozirda universitetda Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik, “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedralarida aynan qadimgi yozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda. Birgina so‘nggi olti oy mobaynida aynan matnshunoslik, adabiy va tarixiy manbashunoslik ixtisosligi bo‘yicha 4 nafar tadqiqotchi PhD doktorlik dissertatsiyalarini muvafaqqiyatli himoya qilgani ham universitetda manbashunoslikning yangi ilmiy maktabi yaratilganidan dalolat beradi. Himoya qilingan ishlarning barchasi IX-XV asrlarda yozilgan, biroq hali qo‘l urilmagan asl manbalar bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardir.

Dissertatsiyalar orqali nafaqat Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, balki dunyoning mashhur qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan bir necha muhim manbalar birinchi marta ilmiy iste’fodaga olib kirildi. Mazkur tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, nomi ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan bir necha adiblar va ularning ilmiy merosi haqidagi dastlabki ma’lumotlar taqdim etildi, hali o‘rganilmagan asarlar topilib, adabiyotshunoslik, matnshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etildi.

Universitetda talaba yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirishda ham ajdodlar merosini o‘rganish masalasiga alohida e’tibor beriladi. Manbashunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlash nihoyatda izchillik talab etadigan uzoq jarayondir. Mazkur jarayonni birmuncha qisqartirish maqsadida ta’limning bakalavr bosqichidan boshlab talaba yoshlarni qo‘lyozma meros bilan muntazam ishlashga jalb etamiz. Bu amaliyot talabaning keyingi bosqichlarda manbani har tomonlama kompleks o‘rganishiga, tarjimasi va tabdilini amalga oshirish, ilmiy matnlarini tuzishida katta yordam beradi va o‘ziga xos tajriba bo‘lishi shubhasizdir.

Ta’kidlash joizki, qadimiy yozma yodgorliklarni o‘rganish bo‘yicha yangi innovatsion usullarni ishlab chiqish bo‘yicha yana ikki yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish zarur. Birinchidan, sohaning rivojida IT mutaxassislari bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Bunda turli elektron lug‘atlarni tayyorlash, qo‘lyozma manbalarning elektron kataloglarini tuzish, soha mutaxassislari uchun axborot almashishning tezkor vositalari ya’ni, mobil va veb ilovalarni yaratishda sharqshunos va dasturchilarning birlashgan guruhlarini tashkil qilish davr talabiga aylanmoqda. Ikkinchidan, yozma merosni o‘rganishda xalqaro adabiy, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Umuman olganda yozma merosni o‘rganish bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti boy tajribaga ega, bizning bosh maqsadimiz shu yo‘nalishdagi maktabni yanada rivojlantirish va uni dunyo miqyosiga olib chiqish orqali buyuk ajdodlarimiz merosini targ‘ib etishdir.

 

Gulchehra RIXSIEVA, Toshkent davlat sharqshunoslik

universiteti rektori