Qadimda ajdodlarimiz vaqtni quyosh, suv va qum soatlari yordamida aniqlaganlar.
Quyosh soatlari ajdodlarimizga ming yillar davomida xizmat qilib kelgan. Ular kundalik hayotda vaqtni aniqlash vositalaridan biri bo‘lgan. Ayniqsa, islom dini kirib kelgach, ulardan ibodat vaqtlarini aniqlashda keng foydalanilgan. Ularni yasash kishidan falakiyot, handasa, riyoziyot va boshqa fanlarga oid ulkan bilim va amaliy tajribani talab etgan.
Quyosh vositasida vaqtni aniqlaydigan bunday asbob vaqt taqsimlanishini ko‘rsatadigan yassi asos va tik ustuncha – mildan iborat bo‘lgan. Oftobli kunda ochiq joyda quyosh soati tik ustunchasining soyasi raqamlarga tushgan va haqiqiy quyosh vaqtini ko‘rsatgan. Quyosh soatlarining bir necha turlari mavjud bo‘lgan. Quyida tariximizdagi quyosh soatlari bilan bog‘liq ayrim qiziqarli ma’lumotlarni qayd etamiz.

O‘rta asrlarda quyosh soatlarini yasash va ularning tuzilishi ko‘plab olimlar e’tiborini o‘ziga tortgan. Shu sababli ham bu soatlar haqida bir qancha asarlar yaratilgan. Masalan, ulug‘ ajdodimiz Muhammad Muso Xorazmiy “Quyosh (marmar) soat yuzasida soat yasash” nomli asar yozgan. O‘rta asrlarda marmar soat deyilganda quyosh soatlari tushunilgan. Chunki quyosh soatlarining yuza qismi marmardan yasalgani tufayli ularni shu nom bilan ham atashgan. Risolada quyosh soatining qanday yasalishi, soyasi mil vazifasini o‘tovchi tik ustuncha – gnomonni o‘rnatish tartibi to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Ushbu kitobning qo‘lyozmasi Istanbuldagi Ayo Sofiya kutubxonasida saqlanmoqda.
Yana bir buyuk bobomiz Ahmad Farg‘oniy ham o‘zining “Quyosh soatini yasash haqida kitob” nomli risolasini avlodlarga meros qilib qoldirgan. Unda ham quyosh yordamida vaqtni bilishga ko‘mak beruvchi ushbu asbobni yasash borasida so‘z borgan. Hozirgi kunda ushbu risolaning ikki qo‘lyozmasi mavjud bo‘lib, birinchisi – Suriyaning Halab shahridagi Qaddur kutubxonasida, ikkinchisi esa Qohiradagi Qahrabon kutubxonasida saqlanadi. Quyosh soatlari va vaqtni Quyoshga ko‘ra aniqlaydigan boshqa uskunalar haqida Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Soyalar” asarida qiziqarli ma’lumotlar bergan.
Ajdodlarimizning falakiyot borasidagi bilimlarini yangi bosqichga ko‘targan Ulug‘bek rasadxonasida ham ulkan quyosh soati bo‘lgan. Samarqandda deyarli quyoshli kunlarning yil bo‘yi mavjudligi bu yerda vaqtni quyosh soati yordamida aniqlashga qulay imkoniyat yaratgan. Ulug‘bekning shogirdi, umrining oxirgi kunlarini Istanbulda o‘tkazgan Ali Qushchi quyosh soati yasab, Ayo Sofiya madrasasiga sovg‘a qilgan.
Tarixchi To‘lqin Xudoyqulovning yozishicha, Qo‘qon xonligida Mavlaviy cho‘bin nomi bilan mashhur bo‘lgan Mavlaviy Rishtoniy 1873 yilda quyosh soatini yasagan. Samarqanddagi tarixiy obidalarni tiklash ishlariga boshchilik qilgan xalq me’mori Abduqodir muhandis (1868–1934) Registonda toshdan quyosh soatini qurgan.
Yaqinda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari tomonidan Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasi hovlisiga quyosh soatlari o‘rnatildi. Har ikki quyosh soatining miliga Samarqand shahrining ramzi – qanotli yo‘lbars tasviri tushirilgan. Sharq gavhari bo‘lgan Samarqandga o‘rnatilgan ushbu soatlar ajdodlarimizning ulkan aql-zakovatini yodga solib turibdi.
Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA