Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida “Men Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur kabi buyuk sarkardalar avlodiman” mavzusida ilmiy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Qurolli Kuchlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi akademiyalari, Milliy gvardiya harbiy texnik instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari ishtirok etdi.
Ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohasida ko‘p yillar xizmat qilib kelayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, shoir va yozuvchilar o‘z chiqishlarida ulug‘ ajdodlarimiz – Sohibqiron Amir Temur va cheksiz matonat timsoli Jaloliddin Manguberdining betakror shaxsiyati, ibratli hayot yo‘li va faoliyati yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda g‘oyat muhimligi ta’kidlandi.
Buyuk bobolarimiz Amir Temur va Jaloliddin Manguberdining tarixiy siymosi, Vatan kabi muqaddas qo‘rg‘onni ko‘z qorachig‘idek himoya qilish yo‘lidagi o‘chmas jasorati va boy merosi xalqimiz, ayniqsa, zamonamiz yoshlariga yuksak namuna bo‘lib xizmat qiladi. Uzoq vaqt mobaynida qadr-qimmati toptalgan, tarixiy ahamiyati qadrsizlangan sarkardalarimizning ulug‘ nomini tiklash, xotirasini abadiylashtirish, shuningdek, ajdodlar mardligi timsolida milliy g‘ururni yuksaltirish imkoniyati aynan mustaqillik sharofati bilan yuzaga chiqqani bejiz emas.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar ajdodlarimiz qahramonligi salohiyatli yoshlarni kasbiy, badiiy, ijodiy faoliyatga ilhomlantirishi, ularni doimo ogohlikka chaqirib, milliy mafkuramizga yot g‘oyalarning zararli ta’siriga kirib ketmasligi, har qanday salbiy holatlarga munosib ravishda qarshi tura olishiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Xususan, jasorati va vatanparvarligi bilan xalq mehrini qozongan, millatimizni butun dunyoga tanitgan buyuk sarkarda Amir Temurning hayoti va faoliyati ko‘plab tarixiy, badiiy adabiyotlarda yoritilgani, mazkur manbalarga qiziqish uyg‘otish orqali yoshlarni mutolaaga kengroq jalb etish, xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish lozimligi e’tirof etildi.
Xorazmshohlar sulolasining zabardast vakili bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda mislsiz qahramonliklar ko‘rsatganida atigi 33 yosh bo‘lgan. Demak uning yorqin xotirasi bugungi yoshlarimizda Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini anglatadi, ularni jonajon Vatanimiz mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chorlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, institut kursantlari va yosh o‘qituvchilari ishtirokida kechadigan bunday tadbirlar, yoshlar ongida, qalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish, ularning munosib, vatanparvar avlod bo‘lib yetishishga intilishini kuchaytirishga zamin yaratadi.
Bahodir Mardonov,
Davlat bojxona qo‘mitasi
Bojxona instituti katta o‘qituvchisi.