Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ajdodlarim merosi” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat bosqichi g‘oliblari
11:48 / 2025-08-13

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ajdodlarim merosi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tanlov ishtirokchilari milliy hunarmandchilik an’analarini asrash, avloddan-avlodga o‘tkazish va yoshlar ongida mehnat madaniyatini shakllantirishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidlashdi.

Tanlov Urganch shahridagi viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” yo‘nalishi bo‘yicha tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Tanlov ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan asarlar nafaqat milliy an’analarga asoslangan, balki zamonaviy ijodiy g‘oyalar bilan boyitilgani hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, gilamdo‘zlik, to‘quvchilik kabi yo‘nalishlardagi ishlarning har biri ortida yosh ijodkorning mehnati, intilishlari va yuksak didini ko‘rish mumkin edi.

Tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng yaxshi ishlarni taqdim etgan ishtirokchilar aniqlandi.  

“Yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishi”da Xiva shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchisi Shahzod Vapayev va “Kulolchilik yo‘nalishi”da viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchisi Soliha Ravshanbekova birinchi o‘rinni egallashdi.  

–  "Menga yog‘och bilan ishlash juda yoqadi, – deydi  Shahzod Vapayev. –Ustozim  menga “Har bir o‘yma, har bir naqsh ortida bir tarix, bir ruh bor.” deb o‘rgatgan.  Tanlovda qatnashish orqali men o‘z ustaligimni sinab ko‘rdim. Kelgusida hunarimni yanada rivojlantirib, dizaynerlik va xalq amaliy san’ati yo‘nalishida o‘z uslubimni yaratishni xohlayman.

[gallery-24730]

“Ajdodlarim merosi” kabi tanlovlar yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmat, mehnatsevarlik, hunarga mehr va eng muhimi, ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantiradi.  

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov (surat),  

O‘zA muxbirlari