Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamkorligida “Ajdodlarga munosib voris bo‘laylik” mavzusida “Ma’naviyat soati” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ajdodlar merosini o‘rganish, ularga munosib farzand bo‘lish, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodi, ma’naviy merosi, yozma asarlar, rivoyat va afsonalar, muqaddas joylar, tarixiy yodgorliklarni o‘rganish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va ularda ona-Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish maqsadida o‘tkazildi.

“Ma’naviyat soati”ni Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi Gulchehra Ibrohimova o‘z kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘zbek xalqining tarixi buyukligini, ulug‘ bobokalonlarimizning hayotlari katta bir ibrat maktabi ekanini, dunyo tamaddunida ularning ulkan hissalari borligini alohida ta’kidladi. Markaz yetakchi mutaxassislari Sabohat Jumaniyozova hamda Otabek Dusyarovlar ham tadbirda o‘z fikr-mulohazalarini asos va misollar bilan ifoda etishdi.

“O‘zbekiston” nashriyoti bosh muharriri, iste’dodli shoir Shavkat Odiljon, muharrir Lolaxon Fattoyeva hamda yosh, iste’dodli xonanda Sarvinoz Qurbonovalar o‘z she’r va qo‘shiqlari bilan madaniy-ma’rifiy tadbirga alohida shukuh baxsh etdilar.
Oydin YO‘LDOSHEVA, O‘zA