French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajdodlarga ehtirom – yoshlar qalbida
17:55 / 2026-02-13

Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida yosh harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida “Mard ajdodlar yo‘li – bizning yo‘limiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv hamda “Buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik!” ijodiy tanlovi yuksak ruh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Tadbir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlandi.

Anjuman avvalida so‘zga chiqqanlar ikki buyuk siymo — she’riyat mulkining sultoni, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy hamda sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning milliy ma’naviyatimiz, davlatchilik tafakkuri va adabiy merosimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida teran mulohazalar bildirishdi. Ta’kidlanganidek, bu zotlar qoldirgan ma’naviy xazina — millat ruhiy qudratining manbai, yoshlar uchun ibrat maktabidir.

Navoiy hazratlari turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini “Xamsa”si orqali jahon adabiyoti minbariga ko‘targan, “Mahbub ul-qulub” asarida esa jamiyat va inson tabiatini yuksak axloqiy mezonlar asosida tahlil etgan mutafakkirdir. U zot ilmu ma’rifatni davlat boshqaruvi darajasiga ko‘tarib, insof va adolatni jamiyat taraqqiyotining ustuvor tamoyili sifatida talqin etgan. Navoiy tafakkuridagi komil inson g‘oyasi bugun ham tarbiya va ma’naviyat sohasida dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bobur Mirzo esa “Boburnoma”sida faqat saltanat tarixi emas, balki davr manzarasi, inson ruhiyati va tabiat go‘zalligini hayratomuz aniqlik va samimiyat bilan tasvirlagan. Undagi jo‘g‘rofiy kuzatuvlar, yer-suv va iqlim haqidagi qaydlar ilmiy jihatdan ham qimmatli manba sifatida e’tirof etiladi. Bobur shaxsiyatida sarkarda jasorati, davlat arbobi irodasi va shoir qalbi uyg‘unlashgani uning betakror siymo ekanligini ko‘rsatadi.

[gallery-27641]

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish — ma’naviy taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir. Ana shu g‘oya tadbirning mazmun-mohiyatida ustuvor yo‘nalish sifatida yangrab, ishtirokchilar qalbida yuksak mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamladi.

Uchrashuv doirasida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik!” ijodiy tanlovi esa bilim, tafakkur va iste’dod bellashuviga aylandi. Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Jizzax garnizonidagi harbiy qismlar, Milliy gvardiya boshqarmasi, ichki ishlar tizimi o‘quv muassasasi, ijod maktabi hamda oliy ta’lim muassasasi jamoalari uch shart asosida o‘zaro kuch sinashdilar.

Tanishtiruv bosqichida jamoalar sahnaviy chiqishlar, she’r va musiqa orqali o‘z dunyoqarashi va ijodiy salohiyatini namoyon etdilar. Savol-javob jarayonida ishtirokchilar Navoiy va Bobur hayoti hamda ijodiga doir olgan bilimlarini namoyish etib, tarixiy manbalarga tayangan holda asosli javoblar qaytardilar. Sahna ko‘rinishi shartida esa buyuk ajdodlar hayotidan lavhalar badiiy talqinda jonlantirilib, adolat, vatanparvarlik, matonat va ma’rifat g‘oyalari ta’sirchan ifoda etildi. Shu tariqa tanlov nafaqat ijodiy, balki ilmiy-ma’rifiy mazmun kasb etdi, ishtirokchilarning bilim darajasi munosib baholandi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, Mudofaa vazirligiga qarashli Jizzax garnizonidagi harbiy qismning “Boburiylar” hamda ijod maktabining “Ziyo” jamoalari birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Milliy gvardiya boshqarmasining “Gvardiyachilar” va garnizon harbiy qismining “Vorislar” jamoalariga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni ichki ishlar tizimi akademik litseyining “Adolat” jamoasi qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom, kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Biroq ushbu tadbirning eng katta yutug‘i — yoshlar qalbida Navoiy tafakkuri va Bobur jasoratiga ehtirom tuyg‘usining yanada mustahkamlangani, ajdodlar merosiga munosabatning yangi bosqichga ko‘tarilganidir.

Zero, Navoiy qalamidagi hikmat va Bobur yuragidagi jasorat — millat ma’naviyatining ikki mustahkam ustunidir. Ana shu ustunlarga tayangan yosh avlod Vatanga sadoqat, ma’rifatga muhabbat va tarixiy merosga hurmat ruhida kamol topmoqda. Mard ajdodlar yo‘li izchil davom etmoqda — uning munosib vorislari esa bugun bilim va tafakkur maydonida o‘z o‘rnini topmoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA