Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ajdodlar merosi – ma’naviy qudrat manbai
16:51 / 2026-01-23

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida “Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” nomli ko‘rik-tanlovning okrug bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rik-tanlov nafaqat bilimlar bellashuvi, balki tarixiy xotirani e’zozlash, milliy o‘zlikni anglash va ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-adabiy merosga hurmat ifodasi bo‘ldi. Buyuk sarkarda, davlat arbobi, shoir va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi orqali harbiy xizmatchilar qalbida jasorat, fidoyilik, ilmga chanqoqlik va Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilish g‘oyalari yanada mustahkamlandi.

Ko‘rik-tanlovda harbiy xizmatchilar uch shart asosida Bobur hayoti va faoliyati, uning "Boburnoma" asaridagi tarixiy, ma’naviy va harbiy-strategik qarashlari, shuningdek, buyuk ajdodimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi bo‘yicha bilim va salohiyatlarini namoyish etishdi. Musobaqalar davomida harbiy xizmatchilarning nafaqat nazariy bilimlari, balki mantiqiy fikrlashi, nutq madaniyati, ijodiy yondashuvi va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi.

[gallery-27273]

Bugungi globallashuv sharoitida yosh avlodni tarixiy ildizlarga sodiq, mustaqil fikrlaydigan, har qanday tahdidga qarshi ma’naviy jihatdan tayyor shaxslar etib tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu ma’noda, mazkur ko‘rik-tanlov harbiy xizmatchilarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni ajdodlar jasorati va donishmandligi bilan ilhomlantirishga xizmat qiladigan muhim ma’naviy loyiha sifatida e’tirof etildi.

Tanlov yakunida bilimga bo‘lgan intilishi va ma’naviy yetukligi yuqori baholanib, faol ishtirok etgan jamoa va harbiy xizmatchilar vazirlik bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasi hamda diplomlar bilan taqdirlanishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari