"Air Samarkand" aviakompaniyasi tijorat parvozlarini bir yildan buyon amalga oshirmoqda. Yil davomida kompaniya 839 ta reysni amalga oshirib, flotini uchta havo kemasigacha kengaytirdi va qator yangi xalqaro yo‘nalishlarni ochdi.
2023 yilda "Air Samarkand" Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (ICAO) dan Ekspluatant sertifikati va "Samarkand" radio chaqiruv belgisini olib, Samarqanddan Istanbulga ilk charter parvozini amalga oshirgan edi.
Yubiley munosabati bilan kompaniya Vetnamning Fukuok oroliga haftasiga uch marta qatnovlarni boshladi. Bundan tashqari, Toshkentdan Saudiya Arabistonining muqaddas shaharlari Jidda va Madinaga yangi yo‘nalishlar ochildi. Barcha qatnovlar Airbus A330-300 havo kemasida bajarilmoqda.
"Air Samarkand" aviakompaniyasi bosh direktori Zafar Butayev o‘tgan yil yakunini ijobiy baholab, kelgusida havo qatnovlari tarmog‘ini kengaytirish va sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.
Ayni paytda "Air Samarkand" Istanbul, Sharm El-Sheyx, Jidda va Fukuok yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA