Vashington shahrida Xalqaro ta’lim ma’murlari uyushmasining (AIEA) nufuzli yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ta’lim sohasidagi yetakchilarni birlashtiruvchi dunyoning nufuzli platformalaridan biri hisoblangan anjumanda “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari ishtirok etdi.
“Xalqaro ta’limdagi beqarorlik va yangi voqeliklar sharoitida yetakchilik” shiori ostida o‘tgan anjuman butun dunyodagi universitetlar, xalqaro ofislar va ta’lim tashkilotlari rahbarlarini bir yerga jamladi.
Yuzdan ortiq sessiya va davra suhbatlari doirasida ishtirokchilar geosiyosiy omillarning akademik mobillikka ta’siri, global hamkorlik modellarining transformatsiyasi, universitetlarning strategik xalqaro mavqeini rivojlantirish kabi masalalarni muhokama qildi.
Siyosiy va me’yoriy o‘zgarishlar sharoitida institutsional strategiyalarni qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ta’limda moslashuvchan va tadbirkorona yetakchilikni shakllantirish, shuningdek, akademik mobillik, hamkorlik va ta’lim jarayonlarini boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistondagi “El-yurt umidi” jamg‘armasining AIEA anjumanidagi ishtiroki xalqaro aloqalarni mustahkamlash, yetakchi ekspertlar bilan tajriba almashish hamda xorijiy universitetlar bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova Xalqaro ta’lim instituti (IIE) prezidenti Jeyson Chij bilan o‘tkazgan uchrashuv yakunida ikki tomonlama anglashinuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, Fulbrayt stipendiya dasturi doirasida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va AQSH universitetlari o‘rtasida qo‘shma diplom yo‘nalishidagi hamkorlikni jamg‘arma orqali amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, Nyu-York shtati universitetlari birlashmasi (SUNY), Texas Xalqaro ta’lim konsorsiumi (TIEC), PeopleCert, QS, IELTS USA va TOEFL tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zbekistonlik yoshlar uchun ta’lim olish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Milan politexnika universiteti, Merilend universiteti, Pensilvaniya davlat universiteti, Illinoys universiteti vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida texnik va konchilik sohalarida kadrlarni tayyorlash, kiberxavfsizlik, yer resurslari, baliqchilik, qishloq xo‘jaligi va sug‘orish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda tibbiyot va shaharsozlik yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi.
Jamg‘arma inson kapitalini mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari doirasida O‘zbekistonning global ta’lim makoniga integratsiyalashuvi va xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish borasidagi tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA