Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, bank-moliya va agrar sohada AI joriy etilishi samaradorlikni oshirish, innovatsion xizmatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan “Agrobank” ATB tomonidan o‘tkazilgan AI500! Hakaton musobaqasini mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
AI500! Hakatonning asosiy maqsadi sun’iy intellekt yo‘nalishida eng iqtidorli mutaxassislarni aniqlash, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or texnologiyalarni bank va agrar sohada amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi. Musobaqa qisqa vaqt ichida katta qiziqish uyg‘otdi. Arizalar qabul qilish muddati yakuniga qadar 2 ming 500 dan ortiq ariza kelib tushdi va ular asosida 1 ming 300 dan ziyod jamoa shakllantirildi. Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda AI sohasiga bo‘lgan qiziqish jadal sur’atlarda ortib borayotganini, shuningdek, yoshlar orasida texnologik bilim va tashabbuslarga intilish yuqori ekanini yaqqol namoyon etdi.

Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 50 ta eng yaxshi jamoa finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Final bosqichida qariyb 200 nafar ishtirokchi sun’iy intellekt, agrotexnologiyalar, fintech va bank xizmatlari yo‘nalishlarida o‘z loyihalarini taqdim etdi.
Har bir jamoaga hakamlar hay’ati tomonidan oldindan belgilangan real biznes muammolariga asoslangan vazifalar topshirildi hamda ishtirokchilarning qarorlari amaliy ahamiyat va texnik ijro nuqtai nazardan baholandi.

Mazkur hakatonning umumiy sovrin jamg‘armasi 500 million so‘mni tashkil etdi. G‘oliblar quyidagi tartibda taqdirlandi:
1-o‘rin – 200 million so‘m pul mukofoti,
2-o‘rin – 150 million so‘m pul mukofoti,
3-o‘rin –100 million so‘m pul mukofoti,
4–8-o‘rinlar uchun – jami 50 million so‘m, besh jamoa o‘rtasida 10 million so‘mdan taqsimlandi.

Bundan tashqari, musobaqa doirasida eng munosib loyihalarni rag‘batlantirish maqsadida 5 ta maxsus nominatsiya joriy etildi. Bular: Best Project in AgroTech, Best Project in Fintech, Best Innovative AI Solution, Best Team, Best ESG Solution. Har bir nominatsiya g‘olibi 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

AI500! Hakaton kabi musobaqalar yosh mutaxassislar uchun tajriba almashish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda sun’iy intellektni real iqtisodiy vazifalarga tatbiq etish bo‘yicha muhim vosita vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, “Agrobank” ATB uchun ham ilg‘or g‘oyalarni aniqlash, istiqbolli loyihalarni kelgusida amaliyotga joriy etish imkoniyatini yaratadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA