Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AI va innovatsiya: “Alphabet” $4 trillionlik cho‘qqiga chiqdi
15:24 / 2026-01-14

“Google”ning “ajdodi” hisoblangan “Alphabet” 2025 yil boshida tarixiy cho‘qqiga erishdi — bozorda qiymati $4 trillionga yetib, “Nvidia”, “Microsoft” va “Apple” qatoridagi to‘rtinchi yirik kompaniya bo‘ldi. Ma’lumki, oxirgi yillar davomida sun’iy intellekt (AI)ga bo‘lgan talab texnologiya bozorini yangi rekordlarga yetakladi. Investorlar AI rivojlanayotgan kompaniyalarga millionlab dollarlik investitsiyalar kiritdi, “Alphabet” esa bu jarayonlardan unumli foydalandi.

So‘nggi o‘sishning asosiy omillaridan biri – “Apple” kompaniyasining “Siri” tizimini yangilashda “Google”ning “Gemini AI” modelidan foydalanish qarori bo‘ldi. Bu ham “Alphabet”ning AI sohasida yetakchi ekanini tasdiqlaydi. “Gemini 3” modeli ilg‘or grafik va matnli javob berish imkoniyatlari hamda dasturlash qobiliyatlarini kuchaytirib, raqobatchilarni orqada qoldirdi.

“Alphabet”ning moliyaviy imkoniyatlari unga yangi startaplar ustidan ustunlik beradi. “OpenAI” va “Anthropic” kabi kompaniyalar doimiy moliyalashtirishga muhtoj bo‘lsa, “Alphabet” o‘z resurslari bilan innovatsiyani davom ettiradi. Shu bilan birga, “Google” qidiruv tizimiga AI modini integratsiya qilgan, bu esa internet bozorida yangi raqobatni kuchaytirdi.

Tahlilchilar fikricha, “Alphabet” raqobatni muvaffaqiyatli boshqarayotgan bo‘lsa-da, yuqori baholar bilan birga, kelayotgan xavflarga ham e’tibor berishi kerak. Kompaniya qidiruv tizimi, “YouTube” va “Google Cloud” orqali daromadlarini oshirmoqda. “YouTube” reklamaci 15% o‘sib, 10,26 milliard dollar daromad keltirdi, “Google Cloud” esa 34% o‘sish bilan 15,2 milliard dollarga yetdi.

“Cloud” sohasida “Amazon AWS” va “Microsoft Azure” bilan kuchli raqobat mavjud bo‘lsa-da, “Alphabet” kichik kompaniyalar uchun AI chiplarini yetkazib berish orqali bozor ulushini kengaytirmoqda. Bu strategiya kompaniyaning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi va innovatsion imijini mustahkamlaydi.

Ekspertlar ta’kidlaganidek, “Alphabet” — bu bir nechta yetakchi bizneslarning yig‘indisi. Qidiruv reklamalari va “YouTube” daromadlarini barqaror ushlab turish hamda “Cloud” bozoridagi o‘sishni davom ettirish orqali kompaniya o‘z “tezligini” saqlashi mumkin. “Alphabet”ning $4 trillionlik qiymatga yetishi faqat raqam emas, balki AI va raqamli innovatsiyada yetakchi bo‘lish strategiyasining natijasidir. 

Musulmon Ziyo, O‘zA