Buxoro neftni qayta ishlash zavodi o‘z mahsulotlarini yuqori oktanli AI-98 avtomobil benzini bilan to‘ldirdi
Zavod mutaxassislari tomonidan avtomobil benzini ishlab chiqish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi. Natijada AI-98 yuqori sifatli tijorat benzinini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
AI-98 markali avtomobil benzini asosan siqish darajasi 12 dan 14 gacha bo‘lgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. AI-98 benzini yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat(oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi va tezlanish dinamikasini yaxshilaydi. Tebranish va shovqin darajasini pasaytiradi, yonilg‘i sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
380 tonna hajmdagi AI-98 avtomobil benzini partiyasi ishlab chiqarildi va uning fizik-kimyoviy xususiyatlari sinovdan o‘tkazildi. AI-98 avtomobil benzinini seriyali ishlab chiqarish uchun OʼzDSt 3031:2015 «Avtomobil benzinlari. Texnik shartlar» muvofiqlik sertifikati olindi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 20 dan ortiq marka(rusum)dagi, 9 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. Ishlab chiqariladigan avtomobil benzinlari qatoridan AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, QuWatt AI-95 brendi va yangi AI-98 avtomobil benzini o‘rin olgan.
Zarif Komilov, O‘zA