Qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llashga ruxsat berildi.
– Buning natijasida Buxoro Neftbaza MCHJga qarashli bo‘lgan AYOQSHlarda yakuniy iste’molchilarga sotilayotgan AI-80 rusumli avtobenzinning bir litri uchun chakana narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirishga erishildi, – deydi Jamiyatning iqtisodiyot va marketing bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umid Avezov. – Bu esa o‘z navbatida jamiyatga qarashli bo‘lgan 21 ta AYOQSHlar tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzinning kunlik hajmi 90 ming litrdan 200 ming litrgacha yetdi. Shuningdek, xususiy AYOQSHlarga yetkazib berish hajmi ham 137 tonnadan 190 tonnagacha yetmoqda.
Amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar pirovardida, qish mavsumida iste’molchilarning avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish, ularning narxlarini barqarorlashtirish hamda aholining ortiqcha sarf-xarajatlarini qisqartirishga erishilmoqda.
– Davlat rahbari tashabbusi bilan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti 1100 so‘mga arzonlashib, 5700 etib belgilandi, –deydi haydovchi Nasullo Karimov. – Bu biz haydovchilarga yanada qulayliklar yaratmoqda. Suyultirilgan gazga bo‘lgan turna qator navbatlar qisqardi. Haydovchilar arzonlashtirilgan benzin mahsulotini sotib olmoqda. Qish mavsumida iste’molchilar avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlanmoqda.
– Iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida o‘z vaqtida qaror qabul qilindi, – deydi haydovchi Ismat Toshev. – Qish qirovli kunlarda suyultirilgan gazga bo‘lgan talab keskin kamaydi. Bu esa har xil e’tirozlarning oldi olinishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu o‘zgarishlardan iste’molchilar juda mamnun.
Zarif Komilov, O‘zA