English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lgan hududlar ko‘p
19:22 / 2022-08-10

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan «Endokrinologik kasalliklarni oldini olishda ko‘rilayotgan chor-tadbirlar» yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda endokrin kasalliklar bo‘yicha dunyodagi va O‘zbekistondagi vaziyat, yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklar, endemik buqoq, respublikada yod tanqisligi kasalliklarining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Endokrin kasalliklar bir yoki bir nechta endokrin bezlarining buzilishi natijasida yuzaga kelib, ular endokrin bezlarning giperfunksiyasi, gipofunksiyasi yoki disfunksiyasiga asoslangan. So‘nggi yillarda ularning soni, ayniqsa qalqonsimon bezi kasalliklari ortib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzi bo‘yicha 665 milliondan ortiq odam endemik buqoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi xastaliklari rivojlanish xavfiga ega. Ushbu kasalliklar orasida buqoq keyingi yillarda dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O‘zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Hozirga kelib, O‘zbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q, negaki respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi ratsionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.

Akademik, Ya.X.To‘raqulov nomidagi Endokrinologiya RIIATM tomonidan respublikaning barcha hududlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan kunlik o‘rtacha yod iste’moli sezilarli darajada kamaygan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 32-64 mkg.ni tashkil etadi. Zarur bo‘lgan minimal miqdori esa – 150-200 mkg.

JSSTga ko‘ra, endemik buqoqning sporadik shakllari 5 foiziga kamayishiga erishilsa, yod tanqisligi kasalliklari to‘liq bartaraf qilingan hisoblanadi. Hozirga kelib, respublikada yod tanqisligi holatlarining tarqalish darajasi 31 foizni tashkil etib, keyingi 20 yil mobaynida 2,5 barobardan ortiq kamayishiga erishildi.

2021 yil oxirida RIIAETMdan bir guruh tadqiqotchilar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida selektiv tadqiqot (peshob va osh tuzidagi yod miqdorini aniqlash) o‘tkazdi. Natijada Andijon va Farg‘ona viloyatlarida tadqiqot guruhining 30 foizida, Namangan viloyatida esa 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 86,6 foizida yod tanqisligi aniqlangan. Yodlash uchun iste’mol qilinadigan tuz namunalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, hududlarda iste’mol qilinayotgan osh tuzining 10 foizdan 53,3 foizgachasida osh tuzi tarkibida yod miqdori kamligi aniqlandi.

Respublika bo‘yicha bugungi kunga 102 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish va qadoqlash korxona, sexlari faoliyat yuritib, vakolatli organni xabardor qilgan holda o‘tkazilgan tekshirishlar davomida laboratoriya tekshiruvlari uchun olingan osh tuzi namunalaridan ular tarkibida yodlanganlik darajasi belgilangan me’yorlarga javob bermagan holatlarda ularni qayta yodlash uchun hududiy sanepidxizmatlarining taqiqlash to‘g‘risidagi qarori bilan ularning realizatsiyasi to‘xtatildi.

Jumladan, Andijon viloyati, Andijon tumani, “CAMARA SALT GROUP” OKdan 4,8 tonna, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahar, «Marg‘ilon Elit tuz» MCHJdan 2 tonna, Toshkent viloyati, Zangiota tumani «Pokiza Tuz Savdo» MCHJdan 2 tonna, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanidagi «Chorbog‘ Barakali Tuz» MCHJdan 15,5 tonna, «Ulug‘bek Jovliyev» oilaviy korxonasidan 10 tonna, «Emin Og‘a» xususiy korxonasidan 10 tonna, «Mushtariybonu Nilufar Fayz» x/k 2 tonna, «Oqtosh Xurshid Fayz» o/k 2,5 tonna, «Charbog‘ Sherabot tuz» MCHJ 2,6 tonna Toshkent shahar, Olmazor tumanlaridagi “TATLI TUZ” MCHJdan 2 tonna va “EKO CRISTAL” MCHJdan 7 tonna, Yunusobod tumanidagi “TIGER TRADE” MCHJdan 4,1 tonna osh tuzi realizatsiyasi taqiqlanib, jami 70 tonna tuz qayta yodlash bo‘yicha korxona rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Mohigul Qosimova, O‘zA