Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholining turmush darajasini oshirish – oliy maqsadim
10:19 / 2023-05-16

Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi hamda hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi. Hokim yordamchilariga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilariga mahallada oilaviy tadbirkorlikka kreditlar berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish kabi moliyaviy instrumentlar berildi.     

Umuman aytganda hokim yordamchilarining barcha harakatlari halqning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Zero aholining farovon turmushiga xizmat qilish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy etilgan mahalladagi hokim yordamchisi, avvalo, halqning tayanchi bo‘lishi talab etiladi.  

Bugun hokim yordamchisi lavozimining mashaqqatini nafaqat erkaklar, balki ayollar ham birdek his etmoqda. Albatta, hokim yordamchisi lavozimi ayol kishi uchun biroz mashaqqatli. Men mazkur lavozimning mas’uliyat va zahmatini to‘liq his etgan holda qabul qildim. O‘ylaymanki, o‘zimga taqdim etilgan mana shu imkoniyat tufayli xalqimni qiynayotgan muammolarga yechim topishga, ularning farovon turmush kechirishiga o‘z hissamni qo‘shaman.  

Hokim yordamchisi sifatidagi faoliyatimni mahalladagi iqtisodiy holatni aniqlashdan boshlaganman. Fuqarolarning gender tarkibi, xohish-istaklari, ixtisoslashuvini o‘rganib, mahalla iqtisodiyotini ko‘tarish bo‘yicha o‘z rejamni ishlab chiqqanman.  

Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida 6 ming 300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.  

“Yorqin hayot” mahallasidagi vaqtincha ishsiz bo‘lgan 96 nafar ishsiz fuqaro doimiy ishga joylashtirildi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, fuqarolarga huquqiy tushuntirish berish orqali 385 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi bandligi ta’minlandi. Mutaxassislikka ega bo‘lmagan 68 nafar fuqaro kasb-hunarga yo‘naltirildi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. Mahalladagi oilaviy tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan 21 nafar fuqaro uchun jami 563 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Natijada 30 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. 15 nafar fuqaroga subsidiya mabalag‘larihisobidan asbob-uskunalar ajratilgan.  

Shuningdek, 400 nafar kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar yetkazib berildi. Kommunal to‘lovlari homiylar tomonidan ijtimoiy yordam sifatida to‘lab berildi. 2022 yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi bo‘yicha ko‘chadagi yoritkichlarni yangilash bo‘yicha “Yorqin hayot” mahallasi g‘olib bo‘ldi va ta’mirlash ishlariga 100 millionlik pul mablag‘lari ajratildi.  

Mahalla aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga taalluqli ekanligini o‘rganib chiqiladi. Bu borada axborot almashish platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.    

Mahallamiz pasportini shakllantirish jarayonida aholining gender tarkibini, kasb malakalarini, hoxish-istaklarini, muammolarini o‘rganib, to‘plangan ma’lumotlarni online-mahalla.uz platformasiga joylashtiramiz. Fuqarolarning hamda hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning muammolariga manzilli va sifatli yechim topish uchun mazkur platformaga kelgan murojaatlarni tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati mavjud.  

Aholi tomonidan ijtimoiy infratuzilma borasida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha yuborilgan murojaatlarning aksariyati bugungi kunda o‘z yechimini topgani bu boradagi sa’y-harakatlarimiz samara berayotganidan dalolat, albatta.  

Mehnat faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz ham ko‘p. Ularning extiyojlaridan kelib chiqqan holda subsidiyalar yoxud imtiyozli kreditlar ajratish ishlari mahalladan chiqmay onlayn tarzda amalga oshirilib kelinmoqda. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirmoqchi bo‘lgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakansiyalari mavjud korxona va tashkilotlarga sayohatlar, hududiy mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.    

Alohida qayd etishim lozimki, ayniqsa xotin-qizlar bandligini ta’minlash faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsiz erkaklarga nisbatan ishsiz ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ishsiz ayollarni ish bilan, tadbirkorlik faoliyati bilan band qilish jarayonlarida ularning oilaviy holatini yaqindan o‘rganib, imkoniyatlarini inobatga olgan holda kerakli tavsiya va yo‘nalishlarni berishga harakat qilamiz.  

Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li mavjud imkoniyatlardan va resurslardan samarali foydalana olish. Kambag‘allik darajasini o‘lchash metodlari va nisbatlari turlicha. Aholining turmush darajasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini amalga oshirish borasida mahalladagi “beshlik” birgalikda faoliyat olib boramiz.    

Avvalo, kambag‘allikning sababini o‘rganish va uni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Keyinchalik esa kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. bugungi kungacha bo‘lgan monitoring natijalariga ko‘ra, kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati bu nogironligi bo‘lgan shaxslar,  nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar mavjud oilalar ekanligi ko‘rinadi.  

Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi. Bunga misol tariqasida ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlarni aytishimiz mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi, daromadini oshirishga qaratilgan harakatdir.  

bugungi erishayotgan natijalarim va yutuqlarim birgina meniki emas. Mahallamiz ahlining menga bildirayotgan ishonchi, qilayotgan duolarining samarasi deb bilaman.  

 

Dilnoza UMAROVA,  

«Yorqin hayot» MFY hokim yordamchisi  

O‘zA