Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida Nukus shahridagi savdo majmualaridan birida “Mening solig‘im — yurtim iqboli” loyihasi doirasida aksiya o‘tkazildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha hududlarda shu mavzuda tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, aholi gavjum joylar, ochiq savdo majmualarida aholi va yoshlar, tadbirkorlar ishtirokida “Xarid chekini olishni o‘rganaylik” hamda “Konvert” usulida ish haqiga rozi bo‘lmang” shiori ostida aksiyalar tashkil etilmoqda.
Uchrashuv avvalida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda soliq sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, soliq to‘lash madaniyatini yuksaltirish hamda aholining huquqiy ongi va soliq savodxonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalishdi. Shuningdek, ishtirokchilarga soliq qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-27524]
Targ‘ibot tadbirida aholining soliq madaniyatini yuksaltirish, yangi ish boshlagan biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, qonuniy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. "Mening solig‘im — yurtim iqboli!" — bu shior emas, bu fidoyilik, mas’uliyat va yurt ravnaqi uchun qo‘shilayotgan amaliy hissa ekanligi qayd etildi.
– Aksiyani tashkil etishdan maqsad aholining, shu jumladan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning soliq haqidagi bilimlarini mustahkamlash, kelgusida ularni ongli ravishda soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashga jalb etishdir. Chunki vaqtida to‘langan soliq bu mamlakatimiz taraqqiyotidan tortib, har bir fuqaroning farovon hayotini, farzandlarimizning baxtli kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham soliq to‘lash bu majburiyat emas, balki ongli tanlovdir. O‘z vaqtida to‘langan soliq hisobidan talaba yoshlarimiz stipendiya, xodimlar ish haqi, keksalarimiz pensiya bilan ta’minlanadi, – deydi Soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i To‘rabek To‘rayev.
Ayrimlar uchun arzimasdek tuyulgan xarid chekini talab qilishning ahamiyati, yashirin iqtisodiyot, xususan, savdo tushumlarini yashirish, soliqdan qochish va norasmiy bandlikning salbiy oqibatlari hamda xarid cheki uchun joriy etilgan keshbek, soliq imtiyozlari va yengilliklar, soliqlarning turlari va muddatlari haqidagi savollarga to‘g‘ri javob bergan fuqarolarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining maxsus sovg‘alari tarqatildi.
Mazkur aksiya fuqarolar o‘rtasida soliq madaniyatini yuksaltirish va asosiysi, yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari